Aholi bandligini ta’minlash

04/12/2015 - 19:29 23283


yangi kasblar, imkoniyat va imtiyozlar

Bugun jahon ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotidagi murakkabliklar bois, barcha sohalar kabi xalqaro mehnat munosabatlari, jumladan, mehnat bozori ham keskin tarkibiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi 30 yilda butun dunyoda mavjud kasblarning soni qariyb ikki martaga ko‘paygan, yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lgan. Shu munosabat bilan muxbirimiz so‘nggi yillarda respublikamiz mehnat bozoridagi tarkibiy va sifat o‘zgarishlari, yangi kasblar joriy etilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Demografiya va mehnat bozori bo‘limi boshlig‘i Zafar Sharipov bilan suhbatlashdi.

— Zafar Erkinovich, bugungi xalqaro vaziyat va davr talabidan kelib chiqqan holda respublikamiz iqtisodiyot tarmoqlarining diversifikatsiya qilinishi, yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarish loyihalarining amaliyotga izchil joriy etilishiga mos ravishda bandlik sohasidagi me’yoriy hujjatlarning takomillashuvi haqida so‘zlab bersangiz.

— Darhaqiqat, so‘nggi yillarda qabul qilingan bir qator me’yoriy huquqiy hujjatlar asosida ko‘plab soliq imtiyozlari yaratilmoqda, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ishchilarni yollash va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish tartib-tamoyillari yengillashtirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish tartibi va me’yorlari hamda ularga qo‘llaniladigan imtiyozlar o‘rnatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlariga ko‘ra, 2014 yilning 1 iyulidan boshlab, qurilish materiallari sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati kichik korxonalarida xodimlarning cheklangan soni yiliga o‘rta hisobda ikki baravarga (200 kishiga) oshirildi. Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab esa, mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan respublikaning kasb-hunar kollejlari, akademik litseylari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzilganda, band xodimlarning o‘rtacha yillik soni normativdan ko‘pi bilan 50 foizga oshirilgan hollarda, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar ularda saqlanib qoladigan bo‘ldi.

Bularning barchasi, avvalambor, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning kasb-hunar o‘rganishi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlash joiz.

— Ma’lumki, so‘nggi yillarda aholi, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanmoqda. Mamlakatimizda bu borada qanday soliq imtiyozlari qo‘llanilmoqda?

— Avvalo, aytish kerakki, mustaqillik yillarida umumiy soliq yuki 3 barobardan ziyodga kamaytirilib, investitsiya kirituvchi va yangi mahsulot turlarini o‘zlashtiruvchilarga, eksportyor korxonalarga hamda kichik biznes subyektlariga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etildi. Xususan, yuridik shaxslar uchun foyda solig‘i 45 foizdan 7,5 foizga, jismoniy shaxslarga esa daromad solig‘i 60 foizdan 23 foizgacha, yagona ijtimoiy to‘lov solig‘i 40 foizdan 25 foizga (kichik biznes subyektlari uchun 15 foizga) hamda kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi 15,2 foizdan 6 foizga (sanoatda 5 foizga) kamaytirildi.

Shu bilan birga, Soliq kodeksiga muvofiq, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan e’tiboran, qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etiladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 iyulidan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati yo‘nalishidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchini yollash huquqi berildi.

Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan holatda kollejni bitirgan kunidan boshlab, o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar belgilangan soliqdan ozod etildi. Buning natijasida respublikamizda yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaymoqda.

— Iqtisodiyotimiz tarmoqlarini diversifikatsiyalash jarayonlarida yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, yoshlarimizni ish bilan band etish borasida ayrim murakkabliklar kelib chiqmoqda. Xo‘sh, bu borada kadrlar tayyorlash tizimida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— O‘tgan davr mobaynida o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar tayyorlashda qishloq va suv xo‘jaligi sohasining ulushi 11,7 foizdan 10,4 foizga, sog‘liqni saqlash 8,4 foizdan 6,7 foizga, ta’lim yo‘nalishida 7,3 foizdan 6,7 foizga hamda huquq yo‘nalishida 0,7 foizdan 0,4 foizga qisqardi. Bunga mos ravishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar tayyorlashda qurilish sohasining ulushi 7,3 foizdan 10,5 foizga, sanoatda 20,2 foizdan 24,8 foizga hamda xizmatlar sohasining ulushi 6,3 foizdan 8,1 foizga ko‘paydi.

Shu bilan birga, mamlakatimizdagi Ustyurt gaz-kimyo, Muborak gaz-kimyo majmualari, Qo‘ng‘irot soda hamda Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Dengizko‘l va Pamuk konlarida kompressor stansiyalari, qolaversa, Navoiy, Jizzax va Angren maxsus sanoat zonalarida qator yirik loyihalarning amalga oshirilishi, tabiiyki, yuqori malakali oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlashni taqozo etadi. Shular inobatga olinib, 2011-2015 yillarda oliy ta’lim tizimida texnika va muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash ulushi 26,7 foizdan 36,2 foizga oshdi. Bunga mos ravishda, oliy ma’lumot talab etadigan kasblardan hisoblangan iqtisodiyot sohasining ulushi 7,9 foizdan 5,7 foizga, huquq yo‘nalishi 1,2 foizdan 1,0 foizga hamda pedagogika yo‘nalishining ulushi 29,6 foizdan 24,6 foizga qisqardi. Shuningdek, tayyorlanayotgan kadrlarning o‘z mutaxassisliklariga mos korxonalarda amaliyot o‘tashi va ishlashi yanada takomillashtirildi. Bu, tarmoq va hududiy korxonalarni yuqori salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash imkonini bermoqda.

— Bugun dunyoda barcha sohalar jadal rivojlanayotgan bir paytda mamlakatimiz mehnat bozori qanday yangi kasblar bilan to‘ldirildi?

— Ma’lumki, 2015 yil 1 iyulga qadar, xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustdagi 181-son qarori bilan tasdiqlangan «Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori»ga asosan yuritilardi. Endilikda, Prezidentimizning «Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni talablarini bajarish hamda kasblar va lavozimlarni tasniflashning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, uni bozor iqtisodiyoti talablariga va xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish, yangicha fikrlaydigan professional kadrlar tayyorlanishini ta’minlash maqsadida xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari bo‘yicha yangilangan klassifikator qabul qilindi.

Ushbu klassifikator oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va kasblar klassifikatorlariga moslashtirildi. Qabul qilingan jami 8 317 kasb va lavozimlarning 497 tasi, xususan, bozor iqtisodiyotida boshqaruv (menejment) sohasida — 96, axborot texnologiyalari sohasida — 22 hamda vazirlik va idoralarning takliflariga muvofiq 379 tasi yangidan kiritildi. Boshqaruv sohasida — savdo va marketing masalalari boyicha bosh direktor yordamchisi, ishlab chiqarish va rivojlantirish masalalari boyicha bosh direktor yordamchisi, moliya va xarid masalalari boyicha bosh direktor yordamchisi, brend-menejer; axborot texnologiyalari sohasida — animator, axborot hisoblash tizimi arxitektori, sahifalovchi, axborot xavfsizligi mutaxassisi, axborot himoyasi texnigi kabi kasb va lavozimlar shular jumlasidandir.

Yangilangan klassifikatorning oldingisidan tubdan farq qiladigan jihati shundaki, unda asosiy e’tibor kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligiga qaratilgan. Yangilangan kasblar va lavozimlarning 71 foizini kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari band etmoqda. Mazkur klassifikatorning xususiyatlaridan yana biri — ishchilarning kasblari va xizmatchilarning lavozimlari ikki guruhga bo‘linib, ishchilar kasblarining tarif razryadlari ko‘rsatildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, yurtimizda olib borilayotgan bunday keng qamrovli islohotlar aholi bandligini ta’minlash, zamonaviy ish o‘rinlari tashkil etish, barqaror daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Manba: O'zbekiston ovozi gazetasi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.