Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish - iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning eng muhim omillari

25/02/2016 - 14:38 10786

2016-yil 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida «Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish - iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning eng muhim omillari» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanishicha, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish zaminimizdagi boy mineral xomashyo va o‘simlik dunyosi resurslarini chuqur qayta ishlashni bosqichma-bosqich oshirib borish, shuningdek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi va turini kengaytirishdagi ichki imkoniyat va zaxiralarimizni ishga solishning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Mahalliylashtirish dasturi, O‘zbekiston Respublikasida 15 yil mobaynida amalga oshirilib kelinmoqda va 2000-yildan buyon mahalliy loyihalar hisobiga ishlab chiqarilgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmi 220 barobardan ortiq oshgan.

Faqatgina 2015-yil davomida 696 mahalliylashtirish loyihalari doirasida ishlab chiqarish hajmi 4 trln.so‘mni, import o‘rnini qoplash samaradorligi esa 1,5 mlrd.dollarni tashkil etgan. O‘tgan yil mobaynida, neft va kimyo asbob uskunalari, transformator podstansiyalari, shaxta uskunalari, kompressor agregatlari ehtiyot qismlari, gidravlik uskunalar uchun suyuqliklar, svetodiod yoritgichlar, sport trenajyor anjomlari va boshqa turdagi ichki va tashqi bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan 820 xil turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilgan.

Mahalliylashtirilgan mahsulotlar narxi import qilinayotgan o‘xshash mahsulotlar narxidan sezilarli darajada arzon. Bu, o‘z navbatida, ichki talabni rag‘batlantirmoqda va bozorni sifatli mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirilishiga zamin yaratmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi loyihalari mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich chuqurlashtirib borish tamoyili asosida amalga oshirilmoqda. Misol uchun, agar 2014-yilgacha suyuq kristalli televizorlarni ishlab chiqarish yirik bloklarni yig‘ish asosida ishlab chiqarilib, mahalliylashtirish darajasi 35 foizgacha bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilda integral plata, ustki korpus va ehtiyot qismlari, simlar, distansion boshqarish pultlari va boshqa komponentlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hisobiga mahalliylashtirish darajasi 40 foizga yetkazilgan. Keyingi yilda suyuq kristall panellarni mahalliy quvvatlarni o‘zlashtirish hisobiga zamonaviy televizorlar ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasi 50 foizgacha yetkaziladi.

Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga so‘nggi 2 yilda jami 97 ta tovar guruhlari bo‘yicha import umuman to‘xtatilgan (shaxta vagonetkalari, vakkum nasoslar, ko‘tarma kranlar, payvandlash elektrodlari, olovga va kislotaga chidamli materiallarning ba'zi turlari, sendvich panellar, sun'iy sintetik gazonlar, shisha ilish va bankalar, kraxmal, non maxsulotlari uchun achitqilar va boshqalar). Bundan tashqari, 306 ta pozitsiya bo‘yicha import hajmi 2 barobardan ortiq qisqartirilgan. Shu jumladan, televizorlar, konditsionerlar, muzlatgichlar, changyutgichlar, avtomobil filtrlari, radiatorlar va hokazo.

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hisobiga mahalliy ichki bozordan sotib olish hajmlari kengaytirmoqda. Buning natijasida, 2015-yilda iqtisodiyotning asosiy tarmoq korxonalarining ishlab chiqarish faoliyati uchun import hajmining 9,5 foizga yoki 440,6 mln.dollarga qisqartirilishi ta'minlangan.

Mahalliylashtirish dasturini samarali amalga oshirishda dunyoning yetakchi xorijiy kompaniyalari va investorlarini jalb etish katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Samarqand viloyatidagi og‘ir yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi «MAN» kompaniyasi, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi «CLASS» va «Lemken» kompaniyalari, maishiy texnika ishlab chiqaruvchi «Toshiba», «Candy», «LG» va «SAMSUNG» korxonalari shular jumlasidandir.

Ichki talabni rag‘batlantirish, tarmoqlararo va tarmoqlar ichida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, hamda qo‘shimcha tender o‘tkazmasdan mahalliy mahsulotlarni sotib olish imkoniyati ushbu yo‘nalishning rivojlanishiga zamin yaratmoqda. O‘tgan yilgi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi natijasiga ko‘ra, 2016-yilda umumiy hisobda 11,9 trln.so‘mlik mahsulot yetkazib berish yuzasidan 13,3 mingta shartnomalar tuzilgan, bu esa undan oldingi yarmarkaga nisbatan 38 foizga o‘sganligini ko‘rsatadi. Shundan, 2,1 trln.so‘mi avval import qilingan tovarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar bo‘lib, 2016-yilda iqtisodiyotning asosiy tarmoq korxonalarining ishlab-chiqarish faoliyati uchun import hajmini 637,5 mln.dollarga qisqartirilishini ta'minlaydi.

So‘nggi yillarda ichki bozorni mahsulotlar bilan boyitish qatorida, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni tashqi bozorga yetkazish nomenklaturasi xajmi va tendensiyalari sezilarli darajada oshmoqda. Xususan 2015-yilda 52 turdagi yangi mahsulotlar 25,1 mln.dollarga eksport qilingan. Jumladan, bir va ikki kamerali kir yuvish mashinalari, energiyani tejovchi svetodiodli lampalar, meditsina oynasi trubkalari, ishlov berilgan rezina profillar, kosmetik vositlar va boshqalar.

Sanoat kooperatsiyasini taraqqiy ettirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbollari

Iqtisodiyot vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda ichki va tashqi bozorda yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirish hamda vazirlikning rasmiy veb-saytida (www.mineconomy.uz/local) chop etish amaliyoti tashkil etgan. Tadbirkorlarga ushbu ro‘yxat asosida, o‘zlashtirishga taklif etilgan va import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish tavsiya etilmoqda.

Mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan korxonalarga yagona soliq to‘lovi, mulk va foyda solig‘i hamda bojxona to‘lovlaridan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar taqdim etiladi.

O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlari mahalliy xomashyoni 3-4 bosqichli tizimida, ya'ni birinchi bosqichda xomashyoni dastlabki qayta ishlash, va yarim fabrikatlar tayyorlash, keyingi bosqichda sanoat asosida ishlab chiqarish uchun tayyor materiallarga aylantirish, uchinchi, yakuniy bosqichda esa iste'mol uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish orqali jahon bozorida talab katta bo‘lgan mahsulotga aylantirish yo‘nalishida iqtisodiyotning tarmoqlari salohiyatini safarbar etishning samarali instrumenti sifatida amalga oshiriladi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.