Ishlab chiqilayotgan normativ-hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillariga zid kelmasligi masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

14/10/2016 - 12:46 4204

Bugun Iqtisodiyot vazirligida “Korrupsiyaga qarshi jihatlarni inobatga olgan holda me'yoriy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini oshirish” deb nomlangan o‘ta dolzarb mavzuga bag‘ishlangan navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlik va tizimdagi tashkilotlar xodimlari faol ishtirok etdilar.

Seminarni vazir o‘rinbosari Sh.N.Fayzullayev olib bordi. U seminar ishtirokchilarini kun tartibi bilan tanishtirar ekan, ushbu tadbirning maqsadi va korrupsiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish borasida Hukumat tomonidan belgilab berilgan qator choralar, yangi me'yoriy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda davlat boshqaruvi organlarining aynan korrupsiyani oldini olish nuqtai nazaridan yondashuvi zarurati zamon talabi ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassis-xodimlari o‘z ma'ruzalari bilan qatnashdilar.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining yetakchi ilmiy xodimi A.S.Djayranov “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi: jahon tajribasi” mavzusidagi o‘z ma'ruzasini seminar ishtirokchilariga taqdim qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining katta maslahatchisi K.I.Muxsimov “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishning xususiyatlari” mavzusidagi ma'ruzasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish jarayonida korrupsiyaga olib kelinadigan omillar va ularni bartaraf etish masalalariga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Ma'ruza so‘nggida ko‘rib o‘tilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi va ishtirokchilarning fikr va takliflari eshitildi.

Vazirlik Axborot xizmati