Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari doimiy e'tiborda

25/11/2016 - 17:51 5438

Bugun Iqtisodiyot vazirligida Iqtisodiyot vazirining 2015-yil 25-noyabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 60-son buyrug‘ining ijrosini ta'minlash yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va tizimdagi tashkilotlar xodimlari faol ishtirok etdilar.

Seminarni vazir o‘rinbosari Sh.N.Fayzullayev olib bordi. U seminar ishtirokchilarini kun mavzusi bilan tanishtirib, so‘zni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tashrif buyurgan mutasaddi vakillarga berdi. 

Xususan, Vazirlar Mahkamasining bo‘lim mudiri Imomnazar Mirzayev so‘zga chiqib, tinglovchilarga davlat organlari amaliyotidan kelib chiqqan holda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy talablari haqida nutq so‘zladi.

Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi, Ishchi guruhining kuratori Zaxritdin Mutalov o‘z ma'ruzasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi faoliyatining dastlabki natijalari hamda kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlashda davlat organlari oldida turgan vazifalar haqida tushunchalar berdi.

Ma'ruzalar yakunida vazirlik xodimlari murojaatlar bilan ishlash davomida yuzaga keladigan holatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarini burib, ularga to‘liq javoblarni oldilar.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati