Yana bir qiziqarli tadbir

20/12/2016 - 17:45 13739

Bugun Iqtisodiyot vazirligida “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida aholining ish bilan bandligidagi sifat o‘zgarishlari” hamda “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi” mavzularida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirning birinchi qismida mehnat bozoridagi muvozanatning barqarorligini saqlash va fuqarolarning bandligini ta'minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z bordi. Xususan, aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida har yili Oliy Majlis Palatalari tomonidan tasdiqlangan aholi bandligi Dasturi ijrosi haqida ma'lumotlar berildi.

Ushbu Dastur investitsiya loyihalari, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni himoya qilish va jadal rivojlantirish, korxonalarni modernizatsiyalash va texnologik yangilash, tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, transport va kommunikatsiya qurilishi, ijtimoiy va bozor infratuzilmalarini rivojlantirish dasturlari bilan o‘zaro bog‘langanligi qayd etildi.

Shuningdek, matbuot anjumanining ikkinchi qismida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ishbilarmonlik muhitini yanada erkinlashtirishga alohida e'tibor qaratilayotganligi, tadbirkorlik faoliyatini yuritish, turli ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va litsenziyalar olish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish, shuningdek ularning oshkoraligini ta'minlash, davlatning tartibga solish darajasini qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalindi.

Jumladan, ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlanishini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan choralar joriy yilning 11 oyi davomida 29,2 mingta yangi kichik biznes sub'yektlarini tashkil etishga ko‘mak berdi (bu ko‘rsatkich 2015 yilning mos davriga nisbatan 16,2 foizga ko‘pdir). Faoliyatini boshlagan kichik biznes sub'yektlarining asosiy qismi sanoat va qurilish (30,8 foiz), savdo (26,3 foiz), qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (10,5 foiz), shuningdek mehmonxona va ovqatlanish xizmati sohalarida tashkil etilganligi ta'kidlandi.

Matbuot anjumani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va taqdim etilgan mavzular yuzasidan ko‘plab savollar berildi.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati

Press-reliz 1

Press-reliz 2

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.