Axborot xavfsizligini ta'minlash - davr talabi!

16/12/2016 - 18:35 19940

Ma'lumki, har qanday davlatning axborot resurslari uning iqtisodiy va harbiy salohiyatini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi. Ushbu resursdan samarali foydalanish mamlakat xavfsizligini va demokratik axborotlashgan jamiyatni muvaffaqiyatli shakllantirilishini ta'minlaydi. Bunday jamiyatda axborot almashinuv tezligi yuksaladi, axborotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va ulardan foydalanish bo‘yicha ilg‘or axborot-kommunikatsiyalar texnologiyalarini qo‘llash keng ko‘lamda amalga oshiriladi.

Joriy yilning 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi qanchalik rivoj topgani sari, uning afzalligi va qulayliklaridan foydalanish bilan bir qatorda, butun mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta'minlash eng dolzarb masalaga aylanib bormoqda.” deb, deputatlarning e'tiborini ushbu masalaga qaratdi.

Davlatning axborot xavfsizligini ta'minlash muammosi milliy xavfsizlikni ta'minlashning asosiy va ajralmas qismi bo‘lib, axborotni muhofaza qilish esa davlatning birlamchi masalalariga, davlat siyosati darajasiga aylanganligi barchamizga ma'lum.

Masalaning dolzarbligi, unga e'tiborni kuchaytirish, fuqarolarning axborot xavfsizligi borasidagi bilimi va mas'uliyatini oshirish bugungi kun talabi ekanligini e'tirof etgan holda, 2016-yil 16-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida rejaga muvofiq “Axborot jamiyati va axborot texnologiyalari: voqelik, istiqbollari va axborot xavfsizligini ta'minlash” mavzusiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi Axborot xavfsizligini ta'minlash markazining qator departamentlari rahbarlari ishtirok etdilar. 

Ishtirokchilar o‘z ma'ruzalarida axborot xavfsizligi, unga bo‘lgan tahdidlar, axborotni himoya qilish turlari, ichki va tashqi tahdidlar, bugungi kunda axborot xavfsizligini ta'minlashda davlat organlari oldida turgan masalalar, muammolar, normativ-huquqiy baza, amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma'lumot berdilar.

Seminar davomida tinglovchilar diqqatiga ko‘rgazmali taqdimotlar havola qilindi. Shuningdek, mavzu yuzasidan vazirlik xodimlarini qiziqtirgan savollariga ma'ruzachilar tomonidan atroflicha javob berildi.

Vazirlik  Axborot xizmati