Hay'at yig‘ilishi ishchan va tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tdi

21/01/2017 - 15:11 10361

Bugun vazirlikda o‘tgan yil yakunlari va 2017 yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida ko‘tarilgan vazifalar chuqur tahlil qilindi. Ayniqsa, Hay'at yig‘ilishida hududlarning kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatiga tanqidiy baho berilarkan, har bitta viloyat, tuman, korxona darajasigacha qabul qilingan yirik loyihalarning real ahvoli jiddiy va chuqur tahlil etilib, ularning so‘zsiz ijrosini ta'minlashga qaratildi.
 
Hay'at yig‘ilishida vazir hamda uning o‘rinbosarlari, Hay'at a'zolari, bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari hududlarini kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishida, jumladan:

Hududlarni, ayniqsa qishloq va tumanlarni kompleks va intensiv rivojlantirishda Iqtisodiyot vazirligi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari hududlarini kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari oldida turgan vazifalar;

Hududlarni kompleks rivojlantirish, Toshkent, Qarshi, Shaxrisabz, Termiz, Namangan, Urganch va Guliston shaharlari, shuningdek Bulung‘ur, Nishon va Mirzo Ulug‘bek tumanlarining ishlab chiqarish salohiyati hamda infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan dasturlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar;

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada kuchaytirish va iqtisodiyotning yuqori sur'atlarda o‘sishini saqlab qolishda vazirlik oldida turgan muhim vazifalar;

Mahsulotlar tannarxi va importni qisqartirish, tayyor mahsulotlar, materiallar hamda butlovchi qismlar ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish va kengaytirishda vazirlikning roli va mas'uliyati;

Iqtisodiyot sohalari eksport salohiyatini yuksaltirish hamda  mavjud ichki zaxiralarni to‘liq safarbar etish, tashqi bozorda mahalliy eksportchi korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish va pozitsiyasini kuchaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, shuningdek eksportni yetkazib berishda transport-logistik xarajatlarni maqbullashtirish;

Tashqi bozorlarda xaridorgir raqobatbardosh mahsulotlarni zamonaviy yo‘sinda ishlab chiqarishni nazarda tutgan erkin iqtisodiy zonalarni barpo etish jarayonida vazirlikning vazifalariga qaratildi.

Shuningdek, Hay'at yig‘ilishida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarda vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari hududlarini kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari rahbar xodimlarining mas'uliyatini oshirish masalasi ustuvor vazifa sifatida ko‘rib chiqildi. 

Mazkur masalalar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarildi hamda kelgusida bajariladigan ishlar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Tadbir qattiq tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tdi.

Axborot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.