O‘zbekiston Respublikasini 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

02/02/2017 - 10:10 23402

I. Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan rivojlanishning “o‘zbek modeli”ga va zamonaviy davlatchilikni tashkil etish yo‘li va strategik tamoyillariga sodiqlik va 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini kompleks amalga oshirilishi yalpi ichki mahsulotning 7,8 foiz o‘sishini ta'minladi. 

Yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlariga tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi, davlat byudjetining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsiti va 5,7 foizni tashkil qilgan inflyatsiya darajasining pastligini ifoda etgan makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash orqali erishildi.

Sanoat hajmi 6,6 foiz, pudrat qurilish ishlari 12,5 foiz, chakana savdo aylanmasi 14,4 foiz, xizmatlar 12,5 foiz o‘sdi.

 

2016-yilda O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari

(2015 yilga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar

O‘sish sur'atlari

Yalpi ichki mahsulot          

107,8

Sanoat (qurilish bilan)

106,6

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi

106,6

Jami xizmatlar

112,5

Chakana savdo aylanmasi          

114,4

O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi

109,6

Iqtisodiyotga 16,6 milliard AQSH dollaridan ko‘p investitsiya qilindi, yoki 2015-yilga nisbatan 9,6 foizga ko‘pdir. O‘zlashtirilgan chet el investitsiya va kreditlar hajmi esa 11,3 foizga o‘sib, 3,7 milliard dollardan ko‘p bo‘ldi.

2016-yilda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 5,2 milliard dollarlik 164 yirik ishlab chiqarish ob'yekti ishga tushirildi. Jumladan, Talimarjon IESda 450 MVt quvvatli ikkita bug‘-gaz turbinasi va Angren IESda ko‘mir kukunidan foydalanishga mo‘ljallangan 130-150 MVt quvvatli energiya bloki qurish, Jizzax viloyatidagi sement zavodi quvvatini kengaytirish, «Indorama Qo‘qon tekstil» xorijiy korxonasi va «Fanteks» MCHJda yigiruv ishlarini tashkil etish, «JM O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida «T-250» rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil qilish», shu bilan birga «Sirdaryo viloyatidagi «Guliston Med Texnika» qo‘shma korxonasida steril shpritslar ishlab chiqarish" va boshqa loyihalar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlari doirasida 2016-yilda 28 mingdan ko‘p loyiha amalga oshirildi.

2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan korxonalar tomonidan sanoat mahsulotlarining 80 dan ortiq yangi turi o‘zlashtirildi. 2016-yilda Mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 6145,8 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi va o‘sish 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobarni, import o‘rnini bosish samaradorligi 2,1 milliard dollarni tashkil qildi.

2016-yilda mahalliy xomashyo resurslarini bosqichma-bosqich chuqur qayta ishlash va tayyor iste'mol mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish tarmoqlari evaziga sanoat mahsulotlarining yuqori o‘sish sur'atlariga erishildi. Xususan, to‘qimachilik buyumlari, kiyim va charm mahsulotlari ishlab chiqarish 111,7 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 110,8 foiz, farmatsevtika mahsulot va preparatlari 123,9 foiz, kimyo mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlari 129,7 foiz, boshqa noruda meneral mahsulotlar 113,8 foizga oshdi.

Sanoatni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash loyihalari, shuningdek, 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturining hayotga samarali tatbiq etilishi natijasida respublika YAIMga energiya sarfini 7,4 foizga, hamda yirik korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tannarxini esa o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 10,6 foiz kamaytirishga erishildi.

II. Iqtisodiyotning raqobatbardoshligini tubdan oshirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, eksportda fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish

Oxirgi yillar davomida diversifikatsiya qilish va iqtisodiyot sohalarini raqobatbardoshligini oshirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida jahon iqtisodiyotida inqiroz holatlari hamon saqlanib turgan va jahon bozoridagi narxlar darajasi pastligi respublikaning asosiy eksport nuqtalariga ta'sirini kamaytirishga erishildi.

Yurtimiz eksportchilarining tashqi bozordagi o‘rnini saqlash hamda mamlakatning salohiyatini ko‘chaytirish maqsadida xorijga mahsulot yetkazib berish hajmini ko‘paytirish, eksport qilinadigan mahsulotlar turi va geografiyasini diversifikatsiya qilish, eksport faoliyatiga yangi korxonalarni jalb etish ishlari davom ettirildi.

2016-yil davomida yana 877 korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, mahalliy mahsulotlarni chetga yetkazish geografiyasi 60 ta yangi bozorga ko‘paydi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Livan, Iordaniya, Iroq, Gana, Senegal, Kot-d`Ivuar, Somali, Nigeriyaga yengil avtomobillar, Shvetsiya, Ruminiya, Bolgariya, Turkiya, Indoneziya, Molodoviya va Ozarbayjonga mineral o‘g‘itlar, Belarus, Ozarbayjonga sport poyabzallari, Polsha va Janubiy Koreyaga charm buyumlar va boshqa mahsulotlar eksport qilindi.

III. 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish Dasturi asosiy talablarini ta'minlashni bajarilishi bo‘yicha boshlangan ishlarni so‘zsiz davom ettirish

2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish Dasturiga muvofiq, 2016-yilda Respublika Yo‘l jamg‘armasi hisobiga 520,1 kilometr avtomobil yo‘llari qurilishi va ta'mirlanishi yakunlandi.

Farg‘ona vodiysini mamlakatning boshqa hududlari bilan ishonchli trasport aloqasini bog‘lovchi, Qamchiq dovonidan 19,2 kilometr uzunlikdagi yer osti yo‘li orqali o‘tuvchi yangi Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasini qurildi. Mazkur temir yo‘lining foydalanishga topshirilishi bilan mamlakatimizni barcha hududlarini qamrab oluvchi yagona to‘liq temir yo‘l tizimi yaratildi.

Toshkent-Buxoro va Buxoro-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanadigan «Afrosiyob» yo‘lovchi elektr poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 291,5 km uzunlikdagi Samarkand-Buxoro temiryo‘l qismini elektrlashtirish loyihasi yakunlandi. Havo kemalari parki 2 ta zamonaviy «Boeing 787-800 Dreamliner» samolyotlari bilan to‘ldirildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2016-yilda yuk tashish hajmi 5 foizga, shundan avtomobil transporti 5,3 foizga, havo transporti 8,8 foizga oshdi.

Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi Dasturiga asosan 2016-yil davomida 13435 ta uy-joylar qurildi. Maxalla guzarlari, savdo majmualari, bozor, nonvoyxona, maishiy xizmat majmualari, minibanklarni hisobga olgan holda 159 ijtimoiy va iqtisodiy ob'yektlar infrastrukturasi barpo etildi.

Umuman olganda, joriy yilda respublikada 12413,5 ming kvadrat metr, jumladan, qishloq joylarda 9000,6 ming kvadrat metr uy-joylar, 2448,1 kilometr, xususan, qishloq joylarda 1972,4 kilometr suv ta'minoti tarmoqlari bunyod etildi.

IV. Xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va ularning manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ishtiroki ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari dasturi amalga oshirilishi doirasida 2016-yil mobaynida qonunchilik va me'yoriy-huquqiy baza tashkil etish hamda uni takomillashtirish ishlari davom ettirildi.

Xususan, qurilishning barcha bosqichlarida tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari doirasida yagona qoida va talablar belgilandi, bino va inshootlar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ob'yektlarni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek, turar joylarni noturar joylar toifasiga o‘tkazishga ruxsat berish talablari joriy etildi. Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub'yektlari huquqlarini himoya qilish kafolatlari va choralari kuchaytirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktyabrdagi PF-4848-sonli «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”, “Davlat va xususiy sektor sherikligi to‘g‘risida”gi qonun loyixalari hamda 30 dan ziyod qonun va me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash borasida faol ishlar olib borilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va kichik korxonalar tashkil etish maqsadida 2016-yil mobaynida kichik biznes sub'yektlariga 15,9 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi va o‘sish 2015-yilga nisbatan 1,3 barobarni tashkil qildi. Jumladan, qiymati 3,3 trillion so‘mlik mikrokreditlar ajratildi, xalqaro moliya institutlarining 206,7 million dollar miqdoridagi kredit liniyalari o‘zlashtirildi.

2016-yil mobaynida «E-ijro» idoralararo elektron hamkorlik tizimini faol joriy etish asosida tadbirkorlik sub'yektlariga «Yagona darcha» markazlari orqali 100 mingdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 127 mingdan ziyod firma nomlariga Internet orqali buyurtma berildi.

Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yanada rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar 2016-yil mobaynida qariyb 32 ming yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etish imkonini berdi.

Natijada, 2016-yil yakuni bilan yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushi 56,9 foiz (2015-yilda bu ko‘rsatkich 56,5 foiz bo‘lgan), sanoatda 45 foiz (40,6 foiz), investitsiyalarda 40,3 foiz (36,3 foiz), qurilishda 70,7 foiz (68,4 foiz), chakana savdo aylanmasida 89,6 foiz (87,1 foiz) va bandlikda 78,1 foiz (77,9 foiz) oshdi.

V. Qishloq xo‘jaligida islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish

2016-yilda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotlarini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,6 foizga oshirish imkonini berdi.

Paxta maydonlarini 30,5 ming gektarga qisqartirish va bo‘shagan yerlarga ichki hamda tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan meva-sabzavotlarni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etgan holda ekish hisobidan ekin maydonlari tuzilmasi optimallashtirildi.

Natijada, qariyb 3 million tonna paxta, 8,3 million tonna bug‘doy, 21 million tonnadan ziyod meva-sabzavotlar, jumladan qariyib 3 million tonna kartoshka, 11,3 million tonna meva, 2 million tonna poliz mahsulotlari, 1,7 million tonnadan ortiq uzum, 3 million tonna meva va rezavorlar yetishtirildi va yig‘ib olindi.

Meva-sabzavotlarni ishlab chiqarish va ularni saqlashga qaratilgan hajmining oshishi, mazkur mahsulotlarni saqlash uchun maxsus sovutgichlarni qurish va saqlash texnologiyasini takomillashtirishga mustahkam zamin yaratdi. Xususan, 2016-yilda 93,1 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 204 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi hamda 12,7 ming tonna mahsulotni saqlaydigan 26 sovutish kamerasi modernizatsiya qilindi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini yanada oshirish maqsadida 2013-2017-yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish davlat dasturini amalga oshirish doirasida 2016-yilda uzunligi 856,3 kilometrlik kollektor, 322,6 kilometr yopiq kollektor-drenaj tarmoqlari, 233 vertikal drenaj qudug‘i, 12 ta meliorativ nasos stansiyasi, 357,4 kilometr kanal, 70,8 kilometr sug‘orish latok tizimi barpo etildi va rekonstruksiya qilindi.

2016-yilda chorvachilik sektori salohiyatini yanada oshirish maqsadida tijorat banklarining qiymati 464 milliard so‘mdan ziyod kreditlari hisobidan qoramol boqish, parrandachilik, asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish va baliq yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha 5,2 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada, 2017-yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, qoramollar umumiy soni qariyb 12,2 million boshga (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 104,5 foiz) yetdi. 2016-yilda, tirik vazni 2,2 million tonna go‘sht (106,8 foiz), 9,7 million tonna sut (107,5 foiz), 6,1 milliard donadan ortiq tuxum (110,6 foiz) va boshqa mahsulotlar tayyorlandi.

VI. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi hayot darajasi va sifatini yanada yuksaltirish

Ishlab chiqarish va ijtimoiy soha infratuzilmasiga yo‘naltirilgan investitsiyalar, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash va tarkibiy o‘zgarishlarni olib borish natijasida oxirgi yillardagi yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlariga  erishildi. Bu esa, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirishga xizmat qilib, jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashni ta'minladi.

Ijobiy tarkibiy o‘zgartirishlar va iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur'atlari tufayli aholining real daromadlari 11 foizga oshdi, 726 ming nafarga yaqin aholining, shu jumladan, 438,5 ming kollej bitiruvchisining bandligi ta'minlandi.

2016-yilda 2016-2020-yillarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi doirasida qariyb 14,6 ming yangi servis ob'yekti va 194 ta yangi turdagi maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksi foydalanishga topshirildi. Mobil aloqaning 1632 ta yangi baza stansiyasi, hududlarda 63 ta yangi yo‘lovchi transport yo‘nalishlari va 54 yangi mexmonxonalar foydalanishga topshirildi.  

2013-2020-yillarda telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi doirasida 2016-yilda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkonini beruvchi 2300 kilometrdan ziyod keng polosali optik-tolali tarmoqlar barpo etildi va zaxiraga olindi. Yagona portal orqali 929 mingdan ziyod xizmatlar ko‘rsatildi va o‘sish oldingi yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobarni tashkil qildi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida ona va bolaning salomatligini muhofaza qilishni kuchaytirish, sog‘lom va har tomonlama rivojlangan avlodni shakllantirish bo‘yicha keng chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilib, ularni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobidan 8 trillion so‘m va 212 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.