“Islom Karimov - Mustaqil O‘zbekiston asoschisi”

16/02/2018 - 14:43 7885

Bugun Iqtisodiyot vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-3404-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan “Islom Karimov - Mustaqil O‘zbekiston asoschisi” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirni iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Dilshod Asamov ochib berdi. Birinchi bo‘lib O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, iqtisod fanlari doktori, professor Ergash Akramov so‘z oldi. Ustoz-olim o‘z ma'ruzasida Islom Karimov tomonidan Mustaqil O‘zbekistonimizning taraqqiyot yo‘li - “O‘zbek modeli”ning ishlab chiqilish jarayonlariga, o‘sha davrda respublikadagi umumiy ayanchli iqtisodiy holatga atroflicha to‘xtaldi. Tegishli raqamlar, dalillar bilan bu taraqqiyot modelimizning asosiy poydevori hisoblangan jihatlarni ham qayd etdi. Shuningdek, notiq mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lining hozirda yangi bir sifat bosqichida jadal davom etayotganini, xususan, bugun davlatimiz rahbari tomonidan beshta asosiy yo‘nalish hamda qator ustuvor vazifalarni o‘zida mujasssam etgan “Harakatlar strategiya”sini ham e'tirof etdi. 

Navbatdagi ma'ruzachi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, iqtisod fanlari doktori, professor Yorqin Abdullayev o‘z chiqishida Islom Karimovning davlat rahbari sifatida, iqtisodchi sifatidagi xizmatlarini e'tirof etarkan, birinchi Prezidentimizning asosiy xizmatlaridan biri, bu - mustaqil O‘zbekistonning o‘z yo‘lini tanlashdagi jonboshligi, jonkuyarligi, rahnomaligi, uzoqni ko‘ra bilishi kabi insoniy fazilatlarga ham to‘xtaldi. Notiq, shuningdek, istiqlolning ilk yillarida Islom Karimov tomonidan tashkil etilgan mamlakatimiz iqtisodchi-olimlarining anjumanida birinchi Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuv xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Amaliyot bilan nazariyaning o‘zaro bog‘liqligi xususida ham fikr yuritib, Iqtisodiyot vazirligi jamoasining vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi kelgusi ishlariga omadlar tiladi. 

Asosiy ma'ruzachilarning chiqishlari tugagandan so‘ng, vazirligimizda ko‘p yillardan buyon fidoyilarcha mehnat qilib kelayotgan ustozimiz - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi,   iqtisod fanlari nomzodi Abbos Nabixo‘jayev o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, Abbos aka ustozlarga o‘z ehtiromini ko‘rsatib, ularga minnatdorchilik bildirganidan so‘ng, mustaqillik arafasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy holatini sobiq Ittifoq davridagi iqtisodiy holati bilan solishtirish uchun qator misollar va raqamlar keltirdi. Jumladan, mamlakat iqtisodiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi, sanoat sohasining rivoji, aholini ish bilan bandligi singari muhim iqtisodiy raqamlarga to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda Iqtisodiyot vazirligi mas'ul xodimlaridan - Fazliddin Nasriddinov, Sirojiddin Ahmedov, Shuxrat Matkarimovlar ma'ruzachilarga mazmunli va qiziqarli suhbatlari uchun minnatdorchilik bildirishib, Iqtisodiyot vazirligi jamoasi, jumladan yoshlar bugungi izchillik ravishda olib borilayotgan tezkor islohotlarda faol qatnashishlarini bildirishdi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilarning savollariga ustoz-olimlar tomonidan atroflicha javoblar olindi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.