Tadbir iqtisodiyotning muhim tarmog‘idagi o‘zgarishlarga bag‘ishlandi

05/06/2018 - 17:00 3911

Vazirning 2018-yil 10-apreldagi 26-sonli buyrug‘i ijrosini ta'minlash, shuningdek, yosh xodimlarning professional-kasbiy darajasini yuksaltirish, ko‘p yillik ish stajiga ega xodimlarning ishni tashkil etishda to‘plagan malaka va tajribalari bilan o‘rtoqlashish maqsadida, galdagi seminar trening bo‘lib o‘tdi. 

Navbatdagi seminar trening mavzusi yurtimiz aholisini un va o‘simlik yog‘i bilan, shuningdek, ichki va tashqi bozor paxta momig‘i bilan ta'minlash masalalariga bag‘ishlandi.

Ma'ruzani jamoada qariyb 30 yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan tajribali mutaxassis, “I-darajali mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni egasi Obid Umarov qildi.

Tadbir davomida mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati tushuntirildi, sohadagi ustuvor vazifalardan sanalgan mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini chetga chiqarish masalalariga ham to‘xtab o‘tildi. Jumladan, ma'ruzachi tomonidan, yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarish turlarini kengaytirish, iste'mol bozorini sifatli, xavfsiz, arzon o‘simlik yog‘i bilan to‘ldirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-yanvarda qabull qilingan “Yog‘-moy tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3484-sonli qarori mohiyatiga ham e'tibor qaratildi.
 
Tadbirda eksportga mo‘ljallangan paxta yog‘i mahsulotidan namunalar ham ko‘rsatildi.

Ma'ruzachi o‘z tajribasidan kelib chiqib, yosh mutaxassislar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytardi. Ushbu seminar vazirlik jamoasining yoshlarida yorqin taassurot qoldirdi.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati