“Sirdaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati” (Iqtisodiy forum)

17/01/2019 - 17:21 11928

Bugun Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan “Sirdaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati” mavzuiga bag‘ishlangan iqtisodiy forum bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur forumda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri Xo‘jayev Botir Asadillayevich, Jahon bankining O‘zbekistondagi rahbari Xideki Mori, Hindiston davlati hamda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonalari vakillari, tadbirkorlar, shuningdek xorijiy investorlar ishtirok etishdi.

Ma'lumki, yurtimizda 2018-yilda tashqi siyosat va iqtisodiyot sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi va bir qator xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, xorijiy davlatlarning hukumat va tashkilot rahbarlari hamda investorlari bilan bir qator uchrashuvlar va biznes forumlar o‘tkazildi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlararo hamkorlik birinchi Forumi, Chimkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari hududlararo hamkorlik birinchi Forumi shular jumlasidandir.

Bugungi forumda Sirdaryo viloyatining investitsion salohiyati va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Jahon banki mutaxassislari o‘z yo‘nalishlaridan kelib chiqib, viloyatni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar yuzasidan tahlil va takliflarini bildirdilar.  

Shuni ta'kidlash joizki, so‘nggi vaqtlarda Sirdaryo viloyati bilan xorijiy kompaniyalar hamda xorijiy moliya institutlari o‘rtasida hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Shu jumladan, Jahon banki bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari viloyatning strategik qatlamlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, bunda Sirdaryo viloyati aholisining ijtimoiy holatini yaxshilash, ayniqsa ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlari ancha salmoqlidir.

Bugungi kunda, Jahon bankining 2011-2019-yillarga mo‘ljallangan 88 mln. AQSH dollari miqdoridagi Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tumanlarining markazlari va qishloq fuqarolar yig‘inlarini ichimlik suvini yaxshilash loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha asosida 2019-yilda 12,5 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda. 

Bundan tashqari, 2017-2021-yillarda Islom Taraqqiyot bankining 57,5 mln. AQSH dollarlik mablag‘lari hisobiga Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlarining kanalizatsiya tizimini ta'mirlash va kengaytirish loyihasi amalga oshirilib, 2019-yilda 6 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtiriladi.

Shu bilan birga, viloyatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning ham hajmi ko‘payib, xorijiy investorlarning hududga bo‘lgan qiziqishlari oshib bormoqda.

Vazirlik Axborot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.