“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi - hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha maqbul imkoniyatlar

24/01/2019 - 12:56 1853

2019-yil 22-yanvar kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahrida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi bo‘yicha hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha maqbul imkoniyatlar to‘g‘risida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda sanoat korxonalari, tadbirkorlar hamda tijorat banklari vakillari ishtirok etdilar.

Energiya iste'molchilariga sanoat korxonalarida, shu jumladan kichik biznes sub'yektlarida energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tajribasi hamda energiya samaradorligiga investitsiya yo‘naltirishning foyda va afzalliklarni ko‘rsatish masalalari kun tartibining asosiy maqsadi etib belgilandi. Davra suhbatida ishtirokchilar loyihaning afzalliklari va ajratilayotgan mablag‘lardan foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan tanishtirildi.

2018-yil 30-yanvar kuni Jahon bankining direktorlar Kengashi tomonidan loyiha doirasida qo‘shimcha 200 mln.doll. miqdorida mablag‘ ajratilishi ma'qullandi va 2018-yil 2-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” (2- Qo‘shimcha moliyalashtirish) loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 785-sonli Qarori qabul qilindi.

Ma'lumki, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi 2011-yildan buyon o‘z faoliyatini olib bormoqda. Loyiha doirasida 30 dan ortiq sanoat korxonalari Jahon banki va O‘zbekiston tijorat banklari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlarga ega bo‘ldilar. Ushbu korxonalar elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'mol hajmini qisqartirish kabi qator qulayliklardan foydalanishmoqda. 

Ajratilgan mablag‘lar 6 loyihada ishtirok etuvchi banklar orqali moliyalashtirilmoqda - O‘zsanoatkurilishbank, TIF Milliy banki, Asakabank, Hamkorbank, Osiyo Alyans bank, Infinbank.

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda loyiha doirasida jami energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha 82 ta subloyiha amalga oshirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyihalarning muvaffaqiyatli bajarilishi natijasida O‘zbekiston hududlari bo‘ylab yiliga 500 million  kVt/soat elektr energiyasi va 187,7 million kub metr tabiiy gazni tejashga olib keladi.

"Sanoat korxonalarida energosamaradorlikni oshirish" loyihasi – hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha maqbul imkoniyatlar" nomli taqdimotni yuklab oling

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi 
“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasining muvofiqlashtirish guruhi