O‘zbekiston Respublikasi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi

26/02/2019 - 17:19 2830

Ushbu Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5623-sonli Farmonning 2-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Qonun loyihasini qabul qilinishining zarurligi

Iqtisodiyot, yer bozorlari va kapitalni liberallashtirish, shuningdek, nizolarni bartaraf etish va yer qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini qabul qilishni taqazo qiladi. 

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiy mulkka o‘tkazish, faol ravishda faoliyat yuritadigan yer bozorini rivojlantirish bozorning asosiy elementlari va tarkibiy o‘zgarishlarning muhim omillari hisoblanadi.

Yerga bo‘lgan xususiy mulk huquqlarining mavjud emasligi mulk egalari uchun huquqiy kafolatlar yetishmasligi sababli ko‘chmas mulk bozorining jadal o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bunday holatda, davlat yerning yagona egasi bo‘lganligi uchun, istalgan vaqtda yerni davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun qaytarib olish huquqiga ega.

Bundan tashqari, xususiylashtirish va yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilganligiga qaramasdan, O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik bazasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi alohida qonun hanuzgacha mavjud emas.

Shu munosabat bilan xususiy mulkni yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga jalb etish va undan samarali foydalanishni ta'minlash, tadbirkorlik sub'yektlarining investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish masalasi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligini belgilaydi.

Qonun loyihasining mazmuni

Qonun loyihasi 5 ta bob va 35 ta moddadan iborat bo‘lib, xususiy mulkni yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini fuqarolik aylanmasiga jalb qilish orqali xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarining investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va uni samarali ishlatilishini ta'minlashga yo‘naltirilgan.

Qonun loyihasi bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasining tushunchasi qonuniy ravishda belgilanadi, yer uchastkalarini xususiylashtirish prinsiplari o‘rnatiladi va xususiylashtirilmaydigan ob'yektlar ro‘yxati belgilanadi. Bundan tashqari, yer umummilliy boylik hisoblanganligi sababli, ushbu loyiha bilan xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi norezidentlariga yer uchastkalarini sotib olishda cheklovlar belgilanishi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasida yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini tugatishning maxsus holatlari va yer uchastkalariga tegishli ko‘chmas mulk ob'yektlarini olib qo‘yishning alohida holatlari belgilangan, shuningdek mulk egasiga olib qo‘yish jarayonida yetkazilgan zararlarni bozor qiymatida qoplanishi kafolatlanadi.

Shu bilan birga, qonun loyihasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish sohasidagi vakolatli organlar doirasi, ularning vakolatlari va munosabatlari belgilanadi.

Shuningdek, yer uchastkalarining turi va foydalanish maqsadiga qarab xususiylashtirish tartibining huquqiy asoslari belgilanadi. 

Axborot xizmati