O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

25/08/2014 - 19:06 16758

Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘laridan foydalanishning oshkoraligi va samaradorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 33-son, 419-modda)

O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq, shuningdek byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘laridan maqsadli foydalanish mexanizmini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki:

tadbirkorlik sub'yektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni faqat ixtiyoriy va beg‘araz ko‘rsatishlari mumkin;

tadbirkorlik sub'yektlarini xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlanadi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,
2014 yil 12 avgust,
227-son

 

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 12 avgustdagi 227-son qaroriga ILOVA

Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-son Farmoniga muvofiq byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklida tushadigan mablag‘laridan foydalanish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lar deganda tadbirkorlik sub'yektlaridan byudjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari va homiylik mablag‘lari shaklida tushadigan pul mablag‘lari va mol-mulk tushuniladi.

3. Tadbirkorlik sub'yektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni qonun hujjatlariga muvofiq ixtiyoriy va beg‘araz ko‘rsatadilar.

Tadbirkorlik sub'yektlarini xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlanadi.

4. Tadbirkorlik sub'yektlarining byudjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari shaklida tushadigan pul mablag‘lari byudjet tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida ochilgan tegishli byudjetdan tashqari g‘aznachilik hisob raqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi va foydalaniladi.

5. Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga xayriya ehsoni shaklida beriladigan mol-mulk qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda kirim qilinadi.

6. Tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lari byudjet tashkilotlari tomonidan olinishi va ulardan foydalanish byudjet tashkilotlari bilan tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) (keyingi o‘rinlarda shartnomalar deb ataladi) muvofiq amalga oshiriladi.

II. Byudjet tashkilotlari tomonidan xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan foydalanish

7. Tadbirkorlik sub'yektlarining xayriya ehsonlari shaklida byudjet tashkilotlariga tushadigan pul mablag‘lari, agar shartnomalarda o‘zgacha hol qayd etilmagan bo‘lsa. byudjet tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

Bunda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan xayriya ehsoni shaklida byudjet tashkilotlariga beriladigan mol-mulkdan shartnomaga muvofiq belgilangan maqsadda foydalaniladi.

8. Xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablag‘lari tegishli byudjet tashkilotlarining rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetalariga muvofiq sarflanadi.

9. Shartnomalarda ko‘rsatilgan maqsadlar uchun to‘liq foydalanish natijasida joriy moliyaviy yil mobaynida yoki uning oxirida byudjet tashkilotining byudjetdan tashqari g‘aznachilik hisob raqamida qolgan tejalgan xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablag‘laridan faqat tegishli byudjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun foydalaniladi.

Xayriya ehsonlari shaklida tushgan tegishli byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari g‘aznachilik hisob raqamlaridagi yil mobaynida foydalanilmagan pul mablag‘lari qoldiqlari keyingi moliyaviy yilga o‘tadi va olib qo‘yilmaydi.

10. Tegishli byudjetdan tashqari g‘aznachilik hisob raqamlaridagi xayriya ehsonlari shaklidagi pul mablag‘laridan foydalanish, shu jumladan tovarlar sotib olish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalanish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

III. Hisob, hisobot va nazorat

11. Byudjet tashkilotlari tomonidan xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan foydalanishning byudjet hisobini yuritish, shuningdek ushbu mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarni tuzish va taqdim etish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

12. Byudjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari shaklida yordam ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasiga yoki uning hududiy bo‘linmalariga xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lar byudjet tashkilotlari tomonidan maqsadli sarflanishini tekshirish zarurligi to‘g‘risidagi yozma so‘rovlarni yuborish orqali xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan foydalanishning istalgan bosqichida mablag‘larning maqsadli sarflanishini tekshirish huquqiga ega.

13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari:

xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan byudjet tashkilotlari tomonidan maqsadli foydalanilishini, shuningdek ular tomonidan ushbu mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlarda ma'lumotlar aks ettirilishining to‘g‘riligini muntazam nazorat qiladilar;

xayriya ehsonlari shaklida yordam ko‘rsatgan tadbirkorlik sub'yektlarining yozma so‘rovlari bo‘yicha xayriya ehsonlaridan foydalanishning istalgan bosqichida xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lar byudjet tashkilotlari tomonidan maqsadli sarflanishini, ushbu tadbirkorlik sub'yektlariga tekshirishlar tugallangandan keyin o‘n ish kuni mobaynida o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari to‘g‘risida majburiy tartibda ma'lumot taqdim etgan holda, tekshiradilar.

IV. Javobgarlik

14. Byudjet tashkilotlarining rahbarlari va bosh buxgalterlari qonun hujjatlariga muvofiq:

xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi;

buxgalteriya hisobi to‘g‘ri yuritilishi, shuningdek xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lardan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotlar tuzilishi va taqdim etilishi;

xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lar hisobiga tovarlarni sotib olishga (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatishga) tovarlar yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar (kontraktlar) tuzishni rasmiylashtirishning to‘g‘riligi va asoslanganligi uchun javob beradilar.

15. Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va byudjet tashkilotlarining rahbarlari tadbirkorlik sub'yektlari xayriya faoliyatiga majbur etilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.

Manba: LexUz

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.