"Elektron hukumat" tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar

15/09/2015 - 17:51 7918

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi tegishli qarorlarining bajarilishi yuzasidan vazirlikda quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda:

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 27 iyundagi “O`zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-1989-sonli qaroriga muvofiq Iqtisodiyot vazirligi O`zbekiston Respublikasida “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish doirasida Davlat boshqaruv organlarini yig`ma statistik ma’lumotlar bilan ta’minlovchi “Davlat boshqaruvi” axborot tizimi kompleksi loyihasi bo`yicha ishtirok etadi.

Tadbirkorlik sub'ektlarining Mahalliylashtirish dasturiga kiritishga doir talabnomalarini taqdim etish va ularning ekspert komissiya tomonidan ko`rib chiqilish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari imkoniyatlaridan samarali qo'llagan holda tadbirkorlik sub'ektlari uchun ular tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarni qabul qilish va ko`rib chiqishda qulayliklar yaratish maqsadida tegishli tizim - "Mahalliylashtirish dasturi pasportlarini ishlab chiqish va ko'rib chiqish avtomatlashtirilgan tizimi" joriy etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 15 apreldagi PQ-2164-sonli "Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2014 yil 1 iyundan boshlab, tadbirkorlik sub'yektlariga "bir darcha" tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlarining Mahalliylashtirish dasturiga kiritishga doir talabnomalarini ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga onlayn taqdim etilishi yo'lga qo'yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-sonli "O'zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoniga muvofiq vazirlik rasmiy veb-saytida idoraviy me'yoriy-huquqiy va tegishliligi bo'yicha boshqa hujjatlarni joylashtirib borish yo'lga qo'yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-sonli "Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Iqtisodiyot vazirligida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushadigan murojaatlarni o'rnatilgan tartibda ko'rib chiqish yo'lga qo'yilgan.

Shuningdek, barcha davlat organlari kabi Iqtisodiyot vazirligi rahbariyati Yagona portal orqali rahbariyat qabuli to'g'risida kelib tushgan murojaatlar asosida ham fuqarolarni qabul qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 27 oktyabrdagi 289-sonli “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining malakasi va ko‘nikmalarini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda ularni ishda kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Iqtisodiyot vazirligi xodimlari o‘rnatilgan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilib tegishli tarzda "KSBT" hamda "KSBT Plus" sertifikatlariga ega bo'lishlariga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi 355-sonli "O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq vazirlikning rasmiy veb-saytini qonunchilik talablariga moslash maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.