Avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan amaliy seminardagi nutq

15/09/2015 - 10:30 7637

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi PF-4707-sonli farmoni bilan tasdiqlangan "2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishni ta'minlash chora-tadbirlari dasturi"ning bajarilishi yuzasidan "on-line monitoring" avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan amaliy seminardagi nutq

Hurmatli seminar qatnashchilari!

Avvalambor, mazkur seminarda uning ishtirokchilarini yuqorida qabul qilingan Farmonning mazmun-mohiyati, uning qabul qilinish zaruriyati, unda belgilab berilgan vazifalar va kelgusida kutilayotgan maqsadli ko‘rsatkichlariga e'tibor qaratishlariga, ushbu masalalar yuzasidan paydo bo‘ladigan vazifalarga to‘xtalib o‘tishlarini maqsadga muvofiq deb hisoblayman.

 Shu maqsadda bu yerga ushbu tizimning faol ish olib borishini ta'minlashga bevosita daxldor va mas'ul bo‘lgan asosiy rasmiy idoralar - O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va investitsiyalar vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, «O‘zbekneftegaz» MXK, «O‘zbekenergo» AJ va «O‘zkimyosanoat» AJlarining rahbarlari, ekspert va mutaxassislarini taklif etganmiz. 

Ma'lumki, bugungi kunda «2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishni ta'minlash chora-tadbirlari dasturi»da belgilab berilgan prognoz ko‘rsatkichlarini bajarilishi hamda ushbu dasturga kirgan investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta'minlash bo‘yicha monitoring ishlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi paytda tez rivojlanayotgan axborot texnologiyalari va hukumatimiz qo‘yayotgan talablaridan kelib chiqqan holda, ushbu yangi avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy qilish vazifasi muhim ahamiyatga ega. Bu tizim “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida ishlaydi. Ya'ni, birlamchi ma'lumotlarni quyi tashkilotlar tomonidan kiritiladi keyin esa yuqori tashkilotlar va jamlangan ma'lumotlar tegishli vazirliklarga ko‘rinadi. Bu tizimda dastlab shaxsiy ID orqali kim tomonidan ma'lumotlar kiritilganligini ko‘rish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan va keyinchalik esa elektron raqamli imzo orqali kiritilgan ma'lumotlarni tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Bunday tamoyil ortiqcha qog‘ozbozlikni, ma'lumotlarning shaffofliligini, o‘z vaqtida va sifatliligini ta'minlashga zamin yaratadi.

Mazkur axborot tizimining yaratilishi tufayli, uning ijrosini tegishli mutasaddi vazirlik, muassasa va idoralar, yirik korxonalar - loyiha tashabbuskorlari tomonidan qay darajada bajarilayotganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tezkor, to‘liq va sifatli tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga e'tibor qaratish zarur.  

Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan mamlakat ravnaqi va mustaqilligini yanada mustahkamlash maqsadida, kelgusi besh yilga mo‘ljallangan reja ko‘rsatkichlariga erishish uchun belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish tegishli vazirliklar, idoralar va mutasaddi tashkilotlar (tashabbuskorlar) oldida turgan ustuvor vazifadir.

Shu munosabat bilan, seminar ishtirokchilari uchun quyida mazkur tizimdan foydalanish tartibi, tizimdagi hisobot shakllari to‘g‘risida tegishli mutaxassislar tomonidan tayyorlangan taqdimot e'tiboringizga havola etiladi. Shuningdek, seminar davomida har bir ishtirokchilar uchun axborot tizimda qanday ishlash kerakligi haqidagi yo‘riqnomalar ham tarqatiladi.

O‘ylaymanki, o‘tkazilgan taqdimotimizda yangi joriy etilayotgan tizimning eng asosiy va zaruriy  jihatlari bo‘yicha to‘liq tassavurga ega bo‘ldingizlar.

Hurmatli seminar qatnashchilari! Barchangizga tarqatilgan yo‘riqnomalarda ma'lumot uchun tegishli mutaxassislarning telefon raqamlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, sizlarda qandaydir qo‘shimcha savollar paydo bo‘lsa bemalol murojaat qilishlaringiz mumkin.

E'tiboringiz uchun rahmat!

Botir Asadillayevich Xo‘jayev,
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari
Toshkent shahri, 2015 yil, 14 sentabr

Yuklab olish (zip, 137,3Kb)

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.