Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening

13/01/2020 - 17:32 321

Bugun Iqtisodiyot va sanoat vazirligida “Grantlar, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etishning asosiy tamoyillari va uslublari” mavzusidagi to‘rt kunlik seminar-trening o‘z ishini boshladi.

Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari O.Nasritdinxodjaev, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Basitxanova hamda grant mablag‘larini jalb qilish va o‘zlashtirishda qatnashayotgan markaziy muassasalar, vazirliklar, idoralar mahalliy davlat boshqaruvi organlarining 200 ga yaqin vakillari, shuningdek, hamkor tashkilotlar va mamlakatlarning 20 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqdalar.

Mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, davlatimiz rahbarining tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘lari (grantlar)ni jalb qilish va ulardan foydalanishda vazirlik va idoralar faoliyatining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni muhokama qilish va ishlab chiqishga qaratilgan topshiriqlari ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarishga qaratilgan.

Seminar-trening davomida grantlarni jalb qilish va  o‘zlashtirish sohasini davlat tomonidan tartibga solish tizimidagi o‘zgarishlar, shuningdek, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar va jamg‘armalar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar va ustuvor vazifalar taqdim etiladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 dekabrdagi PF-5848-sonli Farmoniga muvofiq yangi vertikal tizim yaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ushbu sohani muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan. Shuningdek, tashqi beg‘araz ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil qilingan bo‘lib, uning asosiy vazifalariga donorlar bilan doimiy muloqot platformasini shakllantirish, tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirish bilan bog‘liq muammoli masalalarni hal etishda yordam ko‘rsatish hamda O‘zbekiston Respublikasining donorlar bilan hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini amalga oshirish uchun hamkorlik geografiyasini kengaytirish va moliyalashtirishning yangi salohiyatli manbalarini izlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borish kiradi.

Seminar-trening davomida ishtirokchilar tomonidan grant mablag‘larini jalb qilish va o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va fondlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish rejalari taqdim qilinadi.

Shuningdek, loyiha tashabbuslarini tayyorlash, grant mablag‘larini jalb qilish va ulardan foydalanish, loyihalarni amalga oshirish natijasida erishilgan moddiy va nomoddiy natijalarni keyinchalik saqlash va ulardan foydalanish tizimini shakllantirishga qaratilgan amaliy choralar va sifat jihatidan yangi yondashuvlar muhokama qilinadi.