Xorazm viloyatida sanoat yarmarkasi tashkil etildi

27/01/2020 - 11:42 483

Ma’lumki, davlatimiz rahbari va hukumatning tegishli qarorlariga muvofiq sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirish hamda bu borada muntazam ravishda sanoat yarmarkalarini o‘tkazib borish belgilangan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda joriy yilning 24-25 yanvar kunlari viloyatda hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Q. Egamberginov, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari J. Mamajanov, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqarma boshlig‘i F. Ro‘ziev hamda iqtisodiy kompleks hududiy idoralari rahbarlari qatnashdilar.

Mazkur tadbirda 160 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar,  shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlari tadbirkorlari o‘zlarining mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish, metallurgiya, kimyo, neft va gaz, oziq-ovqat va yengil sanoat, farmasevtika kabi yo‘nalishlardagi mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.

Shu bilan birga, cooperation.uz elektron kooperatsiya portalida tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini reklama qilgan holda, biznes-xamkorlar topish va elektron tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo shartnomalari tuzish, boshqa tadbirkorlik sub’ektlari bilan kooperatsion aloqalar o‘rnatish imkoniyatlariga ega bo‘ldilar. Ushbu portal orqali viloyatdagi korxona va tashkilotlar tomonidan 2020 yil uchun 37,2 mlrd.so‘mlik sanoat mahsulotlari sotib olish uchun shartnomalar imzolandi.

Ushbu ko‘rgazma o‘z-o‘zidan bozorga yangi kiradigan, o‘zimizda mahalliy xom-ashyodan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun buyurtmalar portfelini shakllantirishga va mahsulotlarni reklama qilishga katta amaliy yordam ko‘rsatdi.

Yarmarka yakunida 14 ta nominatsiya bo‘yicha faol ishtirok etgan korxona rahbarlari, shuningdek, respublikamizning boshqa hududlaridan kelgan tadbir ishtirokchilari diplom va qimmatbaxo sovg‘alar bilan taqdirlandilar.