O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida 2016 yilning yanvar-iyun oylarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi to‘g‘risida ma'lumot

02/08/2016 - 11:01 15075

2016 yilning hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 25 dekabrdagi PQ-2458-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2016 yil Investitsiya dasturiga kiritilgan 454 ta investitsiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilib, barcha investitsiya loyihalar bo‘yicha belgilangan tartibda tarmoq jadvallari tasdiqlangan.

Hisobot davrida vazirlik hamda tashabbuskor idoralarga quyidagi masalalar belgilab berildi, xususan:

Joriy yilda ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan ob'yektlarni belgilangan ish kalendar grafiklari asosida uskunalarni yetkazib berish va qurilish montaj ishlarini amalga oshirilishini sentyabr-oktyabr oylarida muddatidan avval bajarilishini ta'minlash;
2017 yilga o‘tuvchi loyihalar bo‘yicha loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash, moliyaviy manbalarni kelishish, tegishli hujjatlarni imzolash (kedit, zayem va investitsion kelishuvlar) bilan birgalikda loyihalarni moliyalashtirish, tender savdolarini o‘tkazish hamda uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni tezlashtirishni jadallashtirishdan iborat.

Mazkur dastur doirasida joriy yilda 164 ta ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Shundan, hisobot davrida 43 ta yangi ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi, shu jumladan “Jizzax viloyatidagi sement zavodini kengaytirish”, AJ “DjiEm O‘zbekiston”da “Yengil avtomobillarning ”T-250” modelini  ishlab chiqarishni tashkil etish”, “”Indorama Qo‘qon tekstil” XK MCHJda ip yigiruv ishlab chiqarishni tashkil etish (IV bosqichi)” va “ Andijon viloyatidagi “Fanteks” MCHJda ip yigiruv ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Meylisoy” konini qurilishi” va “ GMZ-3da texnik suvi o‘tkazgichini va tuzsizlashtirish uskunasini qurilishi”, “Jizzax plastmassa” AJda polietilen plenkalarini va trubalarni ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Jizzax” EIZsida shisha tolasidan issiqlik izolyatsiyasini ta'minlaydigan mahsulotlarni va keng assortimantdagi elektrotexnik mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish” va boshqalar.

Muhim strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni monitoring qilish, samaradorligini oshirish hamda ularni muvaffaqiyatli va sifatli amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi PF-4707-sonli “Ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 25 dekabrdagi PQ-2458-sonli “2016 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi” qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 6 martdagi PQ-2313-sonli “Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi” qarorlariga kiritilgan investitsiya loyihalarning avtomatlashtirilgan nazorat va monitoring tizimi Iqtisodiyot vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqildi va joriy qilindi.

Shu bilan birga, qabul qilingan dasturlarning ijrosini ta'minlash bo‘yicha vazirlik, idoralar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan monitoring olib borish tartibi belgilangan tartibda tasdiqlandi.

Hozirgi paytda ushbu yo‘lga qo‘yilgan tizim yordamida investitsion loyihalarning amalga oshirilishida har bir tarmoq jadvalini bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘rnatilgan va buning natijasida muammoli masalalar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritib borilmoqda.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati