O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi to‘g‘risida nizom

17/06/2014 - 18:26 4510

I. UMUMIY QOIDALAR

  1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (keyingi o‘rinlarda Iqtisodiyot vazirligi deb ataladi)ning maqomi, vazifalari, funksiyalari, vakolatini va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligini qayta tashkil etish to‘g‘risida" 2002 yil 24 dekabrdagi PF-3183-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
  3. Iqtisodiyot vazirligi quyidagi muhim vazifalarni hal etishga qaratilgan, mamlakatni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini va kompleks dasturlarini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, chuqur ishlangan va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy siyosat o‘tkazilishini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi:
    • makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotni mutanosib va dinamik rivojlantirishni ta’minlash;
    • ko‘p ukladli va samarali faoliyat ko‘rsatuvchi iqtisodiyotni shakllantirish, xususiy mulkchilikning yetakchi rolini ta’minlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish;
    • boy tabiiy va mineral - xom ashyo resurslaridan, yaratilgan ishlab chiqarish va ilmiy-texnik potensialdan samarali va oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan aniq maqsadli tarkibiy siyosatni amalga oshirish, eksport imkoniyatini rivojlantirish va mamlakat iqtisodiyotini jahon iqtisodiy tizimiga keng integratsiyalashni ta’minlash;
    • yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat resurslarini ish bilan oqilona ta’minlash muammolarini hal etish, aholini aniq tarzda ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, aholi turmush darajasining barqaror, izchil o‘sishini, ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanishini ta’minlash;
    • mamlakat mintaqalari iqtisodiyotining mutanosib va kompleks rivojlanishini, ishlab chiqarish kuchlarining maqbul va samarali rivojlanishini hamda respublika hududlari bo‘yicha joylashtirilishini ta’minlash.
    • Iqtisodiyot vazirligi o‘ziga yuklangan vazifalarni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qisqa va o‘rta muddatli prognozlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksiga kiruvchi vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish yo‘li bilan ro‘yobga chiqaradi.
    • Iqtisodiyot vazirligining Umumiqtisodiyot kompleksi faoliyatidagi muvofiqlashtiruvchi roli Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Qo‘shma hay’at orqali amalga oshiriladi. Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Qo‘shma hay’at to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
  4. Iqtisodiyot vazirligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
  5. Iqtisodiyot vazirligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oliy Majlis qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
  6. Iqtisodiyot vazirligining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari markaziy Iqtisodiyot organlari, vazirliklar, idoralar, ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bajarilishi majburiydir.
  7. Iqtisodiyot vazirligi o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlatning boshqa organlari hamda joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
  8. Iqtisodiyot vazirligi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, mustaqil balansga, o‘z hisob-kitob raqamlariga, shu jumladan valyuta hisob-kitob raqamlariga ega bo‘ladi.

II. IQTISODIYOT VAZIRLIGINING VAZIFALARI

  1. Quyidagilar Iqtisodiyot vazirligining asosiy vazifalari hisoblanadi:
    • jamiyatni rivojlantirish va demokratik qayta o‘zgartirishlar maqsadi va ustuvorliklaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va isloh qilishning, iqtisodiyotni boshqarishning bozor metodlari va mexanizmlarini joriy etishning puxta o‘ylangan strategiyasi ishlab chiqilishini tashkil etish;
    • asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni, respublikaning, mintaqalarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi darajasini kompleks ravishda izchil tahlil qilish, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarning rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish, iqtisodiyotdagi mavjud nomutanosibliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llarini asoslash;
    • iqtisodiyotni rivojlantirishning ko‘p variantli ssenariylarini, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning mintaqalar, tarmoqlar va iqtisodiyot sektorlari bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatli prognozlari va dasturlarini ishlab chiqish;
    • muhim qiymat, moddiy va mehnat balanslarini ishlab chiqishni tashkil etish;
    • asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning pul-kredit agregatlari, davlat byudjeti parametrlari, tashqi savdo, to‘lov balanslari va tarmoqlararo balanslar bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlovchi ta’sirchan mexanizmni shakllantirish;
    • byudjet-soliq, pul-kredit, valyuta va monopoliyaga qarshi siyosatning umumiy yo‘nalishlari, tabiiy monopoliyalar mahsulotlari, tovarlari va xizmatlariga narxlar va tariflarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirish, to‘lov, moliya va moddiy balanslarni shakllantirish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha takliflar tayyorlashda qatnashish;
    • demografik prognozlarni, aholini aniq tarzda ijtimoiy muhofaza qilish, ichki iste’mol bozorini to‘ldirish, odamlar farovonligini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
    • iqtisodiyotni tarkibiy qayta o‘zgartirishlarning o‘rta muddatli prognozlarini, tarmoqlarni rivojlantirish, zamonaviylashtirish va texnologiya bilan qayta jihozlash, ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish, ilg‘or, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish dasturlarini ishlab chiqish;
    • tarkibiy siyosat maqsadlariga erishishni, mintaqalarni kompleks rivojlantirishni ta’minlovchi qisqa va o‘rta muddatli investitsiya dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;
    • ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning maqbul sur’atlari va nisbatlarini, mineral va xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanishni, O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishni ta’minlovchi zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasini, telekommunikatsiyalar vositalarini rivojlantirish;
    • eksport potensialini rivojlantirishni rag‘batlantirish, tashqi savdo va to‘lov balanslarini maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti prognozlarini tayyorlash, respublikani jahon iqtisodiy tizimiga integratsiyalash strategiyasini ishlab chiqishda qatnashish;
    • respublika uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya dasturlarini amalga oshirishga xalqaro moliya tuzilmalari, xorijiy moliya va sug‘urta tashkilotlari hamda donor mamlakatlarni ishtirok etishga faol jalb etish maqsadida ular bilan hamkorlik ishlarini muvofiqlashtirish.

III. IQTISODIYOT VAZIRLIGINING ASOSIY FUNKTSIYALARI

  1. Iqtisodiyot vazirligi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
    • jamiyatni rivojlantirish va demokratik qayta o‘zgartirishlar maqsadlari va ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada isloh qilish va barqaror, mutanosib rivojlantirishning puxta o‘ylangan strategiyasini ishlab chiqishni tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi, bozor metodlari va vositalari asosida iqtisodiy siyosatni amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmini ishlab chiqadi;
    • mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning mintaqalar, Iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari bo‘yicha mamlakatdagi mavjud tabiiy, mineral-xom ashyo, ishlab chiqarii, ilmiy-texnik va mehnat resurslari potensialidan samarali foydalanishni ta’minlovchi qisqa va o‘rta muddatli prognozlarini ishlab chiqishni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
    • respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli darajasini, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni chuqur tahlil qiladi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tendensiyalarini belgilaydi, iqtisodiyotdagi nomutanosibliklarni aniqlaydi va ularni bartaraf etish yo‘llarini asoslaydi, respublika iqtisodiyotining rivojlanishi ahvoli to‘g‘risida yillik va har choraklik ma’ruzalar tayyorlaydi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish va isloh qilish bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlarning bajarilishini nazorat qiladi;
    • iqtisodiyotni rivojlantirishning har yilgi ko‘p variantli ssenariylarini, muhim qiymat, moddiy va mehnat resurslari balanslarini ishlab chiqadi, iqtisodiyotni barqaror, dinamik va mutanosib rivojlantirishni ta’minlash yo‘llarini asoslab beradi va metodlarini ishlab chiqadi;
    • byudjet-soliq, pul-kredit, valyuta, narx va monopoliyaga qarshi siyosatning умумий yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlashda, mahsulotlar, tovarlar va xizmatlarga narxlar va tariflarni tartibga solish mexanizmini takomillashtirishda, to‘lov, moliya va moddiy balanslarni shakllantirishda va ularning amalga oshirilishini nazorat qilishda qatnashadi;
    • asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning pul-kredit agregatlari, davlat byudjeti parametrlari, tashqi savdo, to‘lov va tarmoqlararo balanslar bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlovchi ta’sirchan mexanizmni shakllantiradi;
    • rivojlanishning ahvoli va tendensiyalarini chuqur tahlil qilish asosida iqtisodiyotda tarkibiy qayta o‘zgartirishlarning aniq maqsadli siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, uning kompleks va samarali rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
    • uglevodorod xom ashyo va mineral-xom ashyo resurslari asosiy turlarini razvedka qilish, zahiralarini, qazib olish, ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ulardan foydalanishning uzoq muddatli balanslarini ishlab chiqadi;
    • yer-suv resurslarini o‘rganish va baholashni tashkil qiladi, yer va suv resurslarining qisqa muddatli va uzoq muddatli balanslarini ishlab chiqadi hamda yuqori samarali agrotexnologiyalarni, yerdan foydalanish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini istiqbolli joylashtirishning ilmiy asoslangan tizimlarini joriy etishni hisobga olgan holda yer fondidan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini asoslaydi;
    • kon’yunkturaning vujudga kelgan ahvoli bo‘yicha muntazam monitoringni amalga oshiradi, undan kelib chiqqan holda tarmoqlar va tarmoqlararo komplekslarni (mahalliylashtiruvchi va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni) rivojlantirish, ularni resurslarni tejaydigan ilg‘or texnologiyalar asosida zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash dasturlarini ishlab chiqadi;
    • davlat investitsiya siyosatini ishlab chiqishni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi hamda davlat tarkibiy siyosatining maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda davlat investitsiya dasturlarini ishlab chiqadi va ularning bajarilishini muvofiqlashtiradi, qurilishlarning tegishli aniq ro‘yxatlarini kelishib oladi, xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi, eng muhim va yirik investitsiya loyihalarining yig‘ma ekspertizasini o‘tkazadi, markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlov asosida tanlab olishni va ularning ro‘yobga chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
    • qisqa muddatli, o‘rta muddatli va uzoq muddatli davrlarga mo‘ljallangan demografik prognozlarni ishlab chiqadi, ijtimoiy siyosatni, shu jumladan ish o‘rinlari yaratish, aholini ish bilan ta’minlash, aholi daromadlarini va ularning xarid qobiliyatini oshirish, ichki iste’mol bozorini to‘ldirish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini rivojlantirish, aholining ayrim qatlamlarini aniq tarzda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va muhofaza qilish, xalqning moddiy farovonligini barqaror ravishda jadal oshirish masalalarini ishlab chiqishni tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi;
    • mehnat resurslari bozori mutanosibligini ta’minlashdan kelib chiqqan holda iqtisodiyotning barcha sohalari va sektorlari uchun malakali kadrlar tayyorlash strategiyasini ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtiradi;
    • eksport salohiyotini rivojlantirishni rag‘batlantirish va importni, savdo balansini maqbullashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi hamda har yilgi eksport, tashqi savdo va to‘lov balansini tayyorlaydi;
    • xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasidagi iqtisodiy siyosat, tashqi iqtisodiy aloqalarni tartibga solish mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish, xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik qilish hamda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda qatnashadi;
    • davlat ehtiyojlari uchun mahsulotlar yetkazib berish (ishlar va xizmatlarni bajarish) hajmlari va tarkibini belgilangan tartibda shakllantiradi;
    • mamlakatning iqtisodiy safarbarlik rejasini belgilangan tartibda shakllantiradi va uning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;
    • mintaqaviy iqtisodiy siyosatni ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashadi, respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozining mintaqaviy aspektini shakllantiradi, iqtisodiyot tuzilmalarini joylashtirish va iqtisodiyotning hududiy tuzilmasini takomillashtirish strategiyasini asoslaydi, iqtisodiyot tuzilmalarini (ishlab chiqaruvchi kuchlarni) joylashtirishning o‘rta muddatli davrga mo‘ljallangan sxemalarini ishlab chiqadi;
    • davlat ekologiya siyosatini shakllantirishda va amalga oshirishda hamda O‘zbekistonning ekologik xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqishda qatnashadi;
    • vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga, Vazirlar Mahkamasiga yirik strategik ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga, normativ-huquqiy bazani shakllantirishga, iqtisodiyotni chuqurlashtirish va erkinlashtirishga yo‘naltirilgan takliflar, tavsiyalar va tahliliy axborotlar tayyorlaydi;
    • ustuvor investitsiya loyihalarini puxta ishlab chiqadi va ularning portfelini shakllantiradi, uzoq muddatli prognozlar, rivojlantirish ustuvorliklari, tarkibiy o‘zgartirishlar, shuningdek ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlari asosida xalqaro moliya tuzilmalari, xorijiy moliya va sug‘urta tashkilotlari hamda donor mamlakatlar bilan ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
    • xalqaro moliya tuzilmalari (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki), xorijiy moliya va sug‘urta tashkilotlari hamda donor mamlakatlar bilan respublika uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ularni jalb etish yuzasidan istiqbolli va joriy dasturlarni o‘rganadi, umumlashtiradi va takliflar tayyorlaydi;
    • investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslashlari ishlab chiqilishini, ular moliyalashtirish tashkilotlariga qo‘yiladigan standartlarga to‘liq muvofiq holda zarurat bo‘lganda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda belgilangan tartibda vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilishini muvofiqlashtiradi;
    • investitsiya loyihalarini tayyorlash, amalga oshirish va ularning samaradorligini baholash bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi, respublikadagi iqtisodiy va ijtimoiy qayta o‘zgartirishlar strategiyasidan kelib chiqib investitsiya jarayoni samaradorligini oshirish va ustuvor investitsiya loyihalari portfelini yangilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga aniq takliflar kiritadi.

IV. IQTISODIYOT VAZIRLIGINING HUQUQLARI

  1. Iqtisodiyot vazirligiga unga yuklangan funksiyalarni amalga oshirishi uchun quyidagi huquqlar beriladi:
    • vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalar, boshqa xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlarining islohotlarning eng muhim ustuvorliklarini prognozlash va amalga oshirish hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan mutanosib rivojlantirish sohasidagi faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
    • o‘z vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan materiallarni ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan so‘rash va belgilangan tartibda olish;
    • o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha metodik materiallar va tavsiyalarni ishlab chiqish;
    • O‘zbekiston Hukumati topshirig‘iga ko‘ra xalqaro darajada o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash, xorijiy davlatlar, savdo-iqtisodiy ittifoqlar bilan savdo-iqtisodiy bitimlarni tayyorlashda va tuzishda, xalqaro Iqtisodiyot va moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar ishlarida qatnashish;
    • vazirlik doirasida Iqtisodiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish bo‘yicha loyihalarni tanlab olish uchun ushbu ishlarni bajarish yuzasidan davlat buyurtmasiga muvofiq tanlovlar e’lon qilish va tanlov komissiyalari tuzish;
    • markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati ostida olingan xorijiy kreditlar hisobiga amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini tanlov asosida tanlab olishni tashkil etish;
    • ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltiriladigan byudjet moliya resurslarini taqsimlashda qatnashish;
    • vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan respublika iqtisodiyotining safarbarlik tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, (zarurat bo‘lganda) sanoat, transport va boshqa moddiy ishlab chiqarish tarmoqlarining yirik ob’yektlarini joylashtirish loyihalarini, ularning muayyan davrda iqtisodiyotning barqaror ishlashi talablariga muvofiqligi yuzasidan, ekspertizadan o‘tkazish va ushbu masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
    • o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha, ijro etuvchi hokimiyat boshqa organlarining va yirik xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning rahbarlari va mutaxassislarini jalb etgan holda belgilangan tartibda kengashlar chaqirish;
    • qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va xalqaro huquqiy normalarga muvofiq boshqa davlatlarning Iqtisodiyot idoralari bilan prognozlash metodologiyasi va amaliyotini takomillashtirish masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnomalar tuzish;
    • o‘ziga bevosita yoki o‘ziga qarashli bo‘linmalar orqali yuklangan vazifalar doirasida xorijiy iqtisodiy idoralar va ilmiy institutlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
    • kadrlar tayyorlash va xodimlarning malakasini oshirish uchun belgilangan tartibda idoraviy va ilmiy-o‘quv markazlari, xo‘jalik hisobidagi konsultatsiya va axborot markazlari tashkil etish;
    • belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish hamda Iqtisodiyot sohasidagi joriy va strategik vazifalarni yoritish uchun matbuot organlari ta’sis etish;
    • Iqtisodiyot vazirligi tizimiga kiruvchi vazirliklar va tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rish;
    • amaldagi qonunchilikka muvofiq vazirlikning ijtimoiy infratuzilmasini yaratish va takomillashtirish, Iqtisodiyot vazirligi tizimi xodimlari mehnatini rag‘batlantirishning yagona tizimini shakllantirish.
  2. Iqtisodiyot vazirligi iqtisodiyotni samarali, barqaror rivojlantirish yo‘llarini belgilashning asoslanganligi va metodlarining ishlab chiqilishi, Hukumatga taqdim etiladigan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tahliliy hujjatlari, takliflari, prognozlari va dasturlarining ob’yektivligi va kompleksliligi uchun javob beradi.

V. IQTISODIYOT VAZIRLIGI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

  1. Iqtisodiyot vazirligiga Vazir rahbarlik qiladi. Vazirni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq amalga oshiriladi.
    Iqtisodiyot vazirining bir nafar birinchi o‘rinbosari va Bosh boshqarmalar boshliqlari hisoblanadigan uch nafar o‘rinbosari bo‘ladi. Vazirning birinchi o‘rinbosari maqomiga ko‘ra Vazirga, Vazir o‘rinbosarlari Bosh boshqarmalar boshliqlari Vazirning birinchi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
  2. Iqtisodiyot vaziri:
    • O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda Vazirlikka yuklangan vazifalarning bajarilishi va funksiyalarning amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi;
    • markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining Vazirlik faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga rahbarligi yuzasidan shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
    • Iqtisodiyot vazirligi markaziy apparati va uning hududiy organlari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritadi;
    • Vazirlik markaziy apparati bo‘linmalari va unga qarashli tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
    • Iqtisodiyot vazirligi markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
    • Iqtisodiyot vazirligi markaziy apparati shtatlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
    • qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
  3. Iqtisodiyot vazirligida 9 kishidan iborat Hay’at tuziladi, uning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
    Hay’at o‘zining muntazam o‘tkazib turiladigan majlislarida mamlakatni, tarmoqlarni va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim muammolarini, prognozlash metodologiyasini va uni tashkil etishni yaxshilash, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqadi.
    Hay’at qarorlari Iqtisodiyot vaziri buyruqlari bilan hayotga tatbiq etiladi.
  4. Vazir o‘rinbosarlari Bosh boshqarma boshliqlari rahbarlik qiladigan Bosh boshqarmalar, boshqarmalar, bo‘limlar, guruhlar Iqtisodiyot vazirligining asosiy tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi.
    Boshqarma boshliqlari maqomiga ko‘ra bosh boshqarma boshlig‘iga, bo‘limlar boshliqlari - boshqarma boshlig‘iga, guruhlar rahbarlari esa - boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
    Iqtisodiyot vazirligining boshqarma, bo‘lim, guruh boshliqlari Vazir qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
  5. Iqtisodiyot vazirligi o‘z huzuridagi:
    • Samarali iqtisodiy siyosat markazi;
    • Tovar bozorlari kon’yunkturasini o‘rganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish respublika markazi;
    • Vazirlik ma’muriy binosidan foydalanish boshqarmasi;
    • "O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi" jurnali tahririyati faoliyatiga rahbarlik qiladi.
  6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Iqtisodiyot bosh boshqarmalari, shuningdek respublika shaharlari va tumanlaridagi Iqtisodiyot bo‘limlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga qarashli bo‘ladi.
    Ularning faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish va muvofiqlashtirishni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi amalga oshiradi.
    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tayinlanadi.
    Viloyatlar va Toshkent shahar Iqtisodiyot bosh boshqarmalari rahbarlari tegishli ravishda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tayinlanadi.
  7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tizimi tashkilotlari va muassasalari boshqaruv apparati xodimlari soni, shuningdek uning markaziy apparati tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

VI. MODDIY RAG‘BATLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI

  1. Iqtisodiyot vazirligi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
  2. Iqtisodiyot vazirligi xodimlarining ish haqi lavozim maoshidan, amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mukofotlardan, qo‘shimcha haq, ustama va rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan iborat bo‘ladi.
  3. Iqtisodiyot vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari lavozim maoshlariga muayyan muddatli xizmati uchun har oylik ustamalar Vazir tomonidan tasdiqlanadigan Iqtisodiyot vazirligi xodimlariga muayyan muddatli xizmati uchun har oylik ustama to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq to‘lanadi.
  4. Mehnatga haq to‘lash fondi, Iqtisodiyot vazirligining Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda byudjet mablag‘lari hamda byudjet muassasalari va tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga shakllantiriladigan byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari Iqtisodiyot vazirligi xodimlariga ish haqi to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish manbalari hisoblanadi.