Tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kengaymoqda

11/02/2015 - 19:25 7327

Joriy yilning 11-fevral kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimligida tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va ularga kredit resurslarini ajaratishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni tushuntirishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbirda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari, Toshkent shahar Markaziy bank boshqarmasi, tijorat banklari mas’ul xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda ta’kidlandiki, bank tizimining jami kapitalini oshirish, iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmini kengaytirish, banklarning foiz stavkalarini kamaytirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida bank sohasi tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning ishonchli tayanchiga aylandi.

Xususan, so‘nggi besh yil davomida kichik biznesni kreditlash hajmi qariyb 5 barobarga ortdi. 2014-yilda tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga umumiy miqdori 9,2 trln. so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 1,3 marta ko‘p kreditlar, shu jumladan 2 trln. so‘mga yaqin yoki 2013-yilga nisbatan 39 foizga ko‘p mikrokreditlar ajratildi. Xalqaro moliya institutlari tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan kredit liniyalarini o‘zlashtirish summasi 1,2 martaga ortib, 157,8 mln. dollarni tashkil etdi.

O‘zbekiston Banklar uyushmasi huzuridagi Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan ham kichik biznes subyektlarining kredit resurslarini olishiga ko‘maklashish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yilda jamg‘arma tomonidan umumiy qiymati 36,2 mlrd. so‘mlik 63 ta loyihani moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

So‘nggi to‘rt yil ichida tadbirkorlik subyektlarining bank muassasalari bilan o‘zaro munosabatlaridagi tartibotlar soddalashtirilgani alohida qayd etib o‘tildi. Jumladan, kichik biznes subyektlaridan tijorat banklarida milliy valyutada hisob raqami ochganlik uchun to‘lov undirish, shuningdek kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda banklar xizmatlari uchun to‘lovlar undirish amaliyoti bekor qilindi, xo‘jalik subyektlari tomonidan savdo va servis sohasida xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar uchun korporativ plastik kartalardan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov terminallari cheklari birlamchi buxgalterlik hujjatlariga tenglashtirildi.

Bugungi kunda tadbirkorlik subyektlari o‘z xohishlariga ko‘ra bank hisobvaraqlariga masofadan turib xizmat ko‘rsatish tizimi, shu jumladan, “Internet-banking” tizimi orqali soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniga egadirlar. Ayni paytda to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshiruvchi kichik tadbirkorlik subyektlarining hisobvaraqlariga xizmat ko‘rsatganlik uchun undiriladigan to‘lov miqdori 20 foizga kamaytirildi.

Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash: kreditlash” mavzusida prezentatsiya o‘tkazilib, unda kreditlash va garov reyestri bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Seminar ishtirokchilari garov ta’minoti talablarini pasaytirish, shuningdek kredit rasmiylashtirishda zaruriy hujjatlarni (birinchi navbatda, davlat va mahalliy boshqaruv organlari tomonidan beriladigan) notarial tartibda tasdiqlatish tartibotlarini soddalashtirish orqali kichik biznes subyektlariga kredit ajratish shartlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.