Hududlar kesimida xizmatlar sohasining rivojlanish ko‘rsatkichlari hamda chakana savdo aylanmasining o‘sish sur'atlari
03/05/2019 - 16:28 33158
Xizmatlar sohasi
Bugungi global bozor iqtisodiyoti sharoitida xizmatlar sohasi rivojlangan mamlakatlar milliy iqtisodiyoti tarkibida muhim rol o‘ynashi xech kimga sir emas.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham ushbu soha alohida ahamiyat kasb etib kelmoqda. 2019-yil yanvar-mart oylarida respublikamizda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 40,2 trln.so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 11,1 foizlik o‘sish ko‘rsatkichini qayd etdi.
Shuningdek, 2019-yil 1-yanvar holatiga, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 323,5 mingta tashkilot va korxonalardan 213 mingga yaqini xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ko‘rsatilgan xizmatlarda eng katta hajm Toshkent shahrida (12 989,9 mlrd.so‘m), eng kichik hajm Sirdaryo (543,2 mlrd.so‘m), Jizzax (849,6 mlrd.so‘m) va Navoiy (1009 mlrd.so‘m) viloyatlarida kuzatildi.
So‘nggi yillarda aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmining har oyda o‘sish tendensiyasi kuzatilib kelinmoqda, jumladan, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 234,3 ming so‘mga oshib, 2019-yilning yanvar-mart oylarida 1 203,5 ming so‘mni tashkil etdi.
Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmining deyarli uchdan bir qismini transport xizmatlari tashkil etib, uning ulushi 2019-yilning yanvar-mart oylarida 30 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, eng yuqori ulushlarni savdo xizmatlari (25,5 %), moliyaviy xizmatlar (16,8 %), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (5,5 %) egalladi.
2019-yilning yanvar-mart oylarida savdo xizmatlari hajmi 10 258,2 mlrd.so‘m bo‘lib, ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy hajmidagi ulushi 25,5 foizni tashkil etdi.
Chakana savdo
Respublika bo‘yicha joriy yilning yanvar-mart oylarida chakana savdo tovar aylanmasi 32,8 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,9 %ga o‘sdi. Shu jumladan, yirik korxonalarning tovar aylanmasi 5 021 mlrd. so‘mni, kichik tadbirkorlik sub'yektlarining tovar aylanmasi 24 517,1 mlrd. so‘mni, uyushmagan savdo tovar aylanmasi 3 301,3 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Chakana savdoda eng katta hajm Toshkent shahrida (7 380,4 mlrd.so‘m), eng kichik hajm Sirdaryo (671,5 mlrd.so‘m) va Jizzax (1 095,3 mlrd.so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1 125,1 mlrd.so‘m) kuzatildi.
2019-yil I-choragida chakana savdo tovar aylanmasi respublika bo‘yicha aholi jon boshiga 984 ming so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,5 %ga oshgan. Chakana savdo tovar aylanmasining aholi jon boshiga nisbatida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan respublikamizning barcha hududlarida o‘sish kuzatilgan bo‘lib, eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri (2 925,5 ming.so‘m), Navoiy (1 325 ming. so‘m) va Toshkent (1 124 ming.so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Axborot xizmati