Sog‘liqni saqlash sohasida 2019-yilning I-choragida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida maʼlumotnoma
23/05/2019 - 13:53 30524
Sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar sifatini oshirish, arzon va sifatli dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash, xususiy tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida vazirlik tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib, bir qator ijobiy natijalarga erishildi.
2019-yilda Davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash sohasiga jami 12,1 trln. so‘m ajratilishi rejalashtirilgan, bu esa Davlat byudjetidan aholi sog‘lig‘ini saqlashga yo‘naltiriladi. Davlat byudjetidan sohaga ajratilgan mablag‘lar 2017-yilga (7,3 trln. so‘m) nisbatan o‘sishi 1,6 barobarni, 2018-yilga (9,6 trln. so‘m) nisbatan esa 1,3 barobarni tashkil etadi.
Bunda, umumiy byudjetning 7,7 trln. so‘mi - tibbiyot xodimlarining ish haqi va ish haqiga hisoblangan ajratmalarga qaratilib, jumladan 2018-yil 1 dekabridan 1,2 baravarga hamda 2019-yil 1 apreldan 1,15 baravarga ish haqlari oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlarni ham qamrab oladi.
Davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridlari xarajatlariga jami 1,0 trln. so‘m ajratildi. Аjratilgan mablag‘lar 2017-yilga (434,3 mlrd. so‘m) nisbatan o‘sishi 2,3 barobarni, 2018-yilga
(914,6 mlrd. so‘m) nisbatan esa 1,1 barobarni tashkil etadi.
2019-yilda Sog‘liqni saqlash tizimidagi jami 231 ta obʼektda qurilish, rekonstruktsiya va mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun 972,3 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
2019-yil 1-aprel holatida tibbiyot obʼektlarida 128,5 mlrd. so‘mlik (13%) ishlar bajarilgan, 144,5 mlrd. so‘m (15%) moliyalashtirilgan.
2019-yilda xorijiy investitsiyalar qiymati 301 mln. АQSh doll. teng 8 ta loyiha amalga oshirilib, 110,02 mln АQSh doll. hukumat tomonidan kafolatlangan xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. 1 aprel xolatiga rejadagi 6,4 mln АQSh doll. urniga 9,37 mln. АQSh doll. (146,5%) o‘zlashtirildi.
Xalqaro tarraqqiyot assotsiatsiyasi (Jahon banki) kredit mablag‘lari hisobidan “Salomatlik-3” loyihasini amalga oshirish doirasida yil davomida 15,75 mln. АQSh doll. o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
Islom tarraqqiyot banki ishtirokidagi “O‘zbekiston Respublikasi onkologiya muassasalarini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish doirasida 2019-yil Investitsiya dasturiga asosan 16,8 mln АQSh doll. o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
“Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini barpo etish” loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda. Joriy yilning avgust oyidan boshlab tibbiy asbob-uskunalar va mebellarni yetkazilishi boshlanadi.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, 16,9 ming nafar bemorlar ambulator va 5,1 ming nafar bemorlar statsionar sharoitda davolandi. Hududlarda diagnostika va davolashning yangi uslublarini o‘rgatish va joriy etish maqsadida 723 ta mahorat darslari hamda 501 ta seminarlar tashkil etildi.
Mamlakat tez tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va uning faoliyati samaradorligini oshirish belgilangan. Ushbu dolzarb muammolarni hal qilish maqsadida “Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil qilindi. Yangi harid qilingan 231 ta reanimobillar 4,1 mln. АQSh dollari miqdoridagi zarur asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlandi. Keyingi bosqichda yana 1200 ta tez tibbiy yordam mashinasini to‘liq va 712 ta avtomobilni qo‘shimcha jixozlash rejalashtirilgan.
Joriy yilni o‘tgan uch oyi davomida 161 ming nafar chaqaloqlar tug‘ilib, ularni gepatit V, sil, inaktivlangan poliomielit vaktsinasi bilan emlash qamrovi 99 foizga amalga oshirildi. 152 ming nafar bolalar qizamiq-parotit-qizilcha va pnevmokokk infektsiyalariga, difteriya, qoqshol, ko‘kyo‘talga qarshi emlash bilan qamraldi.
Bolalarda boshqariladigan yuqumli kasalliklarning oldini olishni kuchaytirish maqsadida 2019-yilga reja bo‘yicha 715 535 nafar bolaga 12 xil yuqumli kasalliklarga qarshi 10 xil vaktsinalar bilan emlash rejalashtirilgan.
Homiladorlikning birinchi uch oyligida ayollarni ommaviy tarzda ultratovush tekshiruvidan o‘tkazish uchun markaziy ko‘p tarmoqli tuman va shahar poliklinikalarining prenatal tashxis xonalarini yuqori hal etish qobiliyatiga ega bo‘lgan statsionar 200 ta UZI-skanerlari bilan jihozlandi.
Respublikada 2019-yil ushbu davr mobaynida dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, onalar o‘limi intensiv ko‘rsatkich 12,4 promilleni tashkil etib, 2018-yilning ushbu davriga nisbatan 14,1ga kamaygan. 2018-yilda 26,5 ni tashkil etgan. 2019-yil ushbu davr davomida go‘daklar o‘limi intensiv kursatkich 8,8 ni tashkil etib, o‘tgan yili shu davriga nisbatan 1,4 ga kamaygan. 2018-yilda 10,2 ni tashkil etgan.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Аxborot xizmati