O‘zbekiston iqtisodchilari XI forumining Press-relizi

25/10/2019 - 16:55 9442

2019-yil 25-oktabr                                               Toshkent shahri

 

 O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan hamda O‘zbekiston Hukumati qarori bilan 2019 yildan boshlab xalqaro status berilgan O‘zbekiston iqtisodchilarining XI forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumning globol mavzusi: “Strategik rejalashtirish – mamlakat va hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim omili” deb nomlandi.

        Tadbir qatnashchilari dunyo tajribasidan kelib chiqib, strategik rejalashtirish; kelajakda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashning rezervlari, imkoniyatlari va yangi omillari; inson kapitali va innovatsiyalarning jadal o‘sish yo‘llari, sanoat raqobatbardoshligini oshirish, urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish orqali hududlarni kompleks va muvozanatli rivojlantirish metodologiyasi, metodlari va amaliyotini muhokama qildilar.  

        Tadbirlar plenar yig‘ilish, panelli seksiyalar, davra stollari va forumda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar, chet ellik ekspertlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari ko‘rinishlarida bo‘lib o‘tdi.

         Forumda strategik rejalashtirishning dolzarb muammolarini muhokama qilish hamda taqdimotlar (prezentatsiyalar)ni o‘tkazish  uchun 4 ta seksiya faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu seksiyalar:

   “Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini strategik rejalashtirish”;

   “Sanoatning raqobatbardoshligini oshirish strategiyasi”;

  “Hududlar  tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligi va ularni rivojlantirish strategiyasi” ;

“Aholi farovonligini oshirish strategiyasi” deb nomlangan.

        Forum Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti

konferens zalida bo‘lib o‘tdi. 

        Ishtirokchilarning ma’lum bir qismi – xalqaro tashkilotlar va chet ellar elchixonalarining vakillaridir. Ular orasida Osiyo taraqqiyot bankidan Enriko Pinali, Islom taraqqiyot bankidan Kaxorjon Aminov,  Germaniya “Project Capital” konsalting va investitsion kompaniyasi  rahbari Viktor Politis, kichik va o‘rta biznes bo‘yicha ekspert  Manfred Zivers, Finlyandiyaning “Pellorvo Economic Research PTT” instituti  professori Olli – Pekka Ruuskanen va boshqalar bor.

         Shuningdek, forum ishida qatnashish uchun Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonlik olimlar o‘z maqolalarini taqdim etishgan.

        Forumda O‘zbekistonning ko‘zga ko‘ringan iqtisodchi olimlari, Oliy Majlis senatori, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari rahbarlari, yurtimizdagi barcha hududlar iqtisodiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchi va talabalari hamda vazirlik, idoralar va tadbirkorlik tuzilmalarining vakillari ishtirok etishdi.

         Ushbu Forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad – oshkora va erkin muloqot, xorij tajribasi bilan o‘rtoqlashish, o‘zaro ilmiy hamkorlik hisoblanadi.