O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori tayinlandi
21/05/2021 - 10:49 4840
Аbidxadjaev Umid Qutpitdinovich O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori lavozimiga tayinlandi
Umid Аbidxadjaev 1987-yilda Namangan viloyatining Namangan shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy.
2009-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universitetini, 2014-yilda Yaponiyaning Keio universitetining magistratura bosqichini hamda 2017-yilda Yaponiyaning Keio universitetining doktorantura bosqichini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2009-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining Tashqi aloqalar va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan.
2014–2016-yillarda Yaponiyada Osiyo Taraqqiyot Banki Institutining Infrastruktura investitsiyalari bo‘yicha ilmiy xodim; 2017–2018-yillarda Osiyo taraqqiyot bankining Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi infratuzilma investitsiyalarini baholash instituti loyihasi bo‘yicha maslahatchisi; 2018–2019-yillarda Yaponiyadagi Keio universitetida iqtisodiyot bo‘yicha ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritgan.
2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Infratuzilma loyihalarini tahlil qilish guruhi rahbari vazifasini vaqtincha bajarib, tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati