McKinsey kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv

28/05/2021 - 19:53 4139

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning McKinsey kompaniyasi Yevropa, yaqin Sharq, Afrika mintaqalari bo‘yicha rahbari hamda yetakchi hamkori Ozgur Tanrikulu boshchiligidagi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarov, Moliya vaziri birinchi o‘rinbosari Omonulla Nasritdinxodjayev, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmonov, McKinsey kompaniyasi tomonidan yetakchi hamkorlar Mihail Kulikov, Semyon Yakovlev va boshqalar ishtirok etishdi.

Uchrashuv boshida, McKinsey kompaniyasi vakillari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ bo‘yicha o‘tkazilgan diagnostika natijalari bo‘yicha korxonalar va ularning tarkibiy bo‘linmalarining operatsion samaradorligini oshirish, shuningdek, O‘zmilliybank konvertatsiya qilish loyihasi maqomi bo‘yicha "harakatlar yo‘l xaritasi"ning salohiyatini aniqlash va shakllantirish maqsadida yakuniy hisobot taqdimotini o‘tkazdilar.

           Kompaniya mutaxassislari korxonalar faoliyatini takomillashtirish va shunga mos ravishda 2025-yilga qadar yillik moliyaviy oqimlarning ko‘payishini ta’minlash imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berishdi.

           Ekspertlarning tashabbuslar to‘plamida "qisqa muddatli chora-tadbirlar" mavjudligini ta’kidlab, ularning amalga oshirilishi birinchi 6 oy davomida 30 foiz ijobiy ta’sir olib kelishi va ushbu ishlarni amalga oshirish uchun "transformatsion idoralar" tashkil etilishi kerakligi taklif qilindi.

           McKinsey mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan yana bir yo‘nalish - bu bank sektori, xususan, Milliy bank bo‘lib, ushbu bank uchun barcha asosiy biznes ko‘rsatkichlarini yaxshilash strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

           Uchrashuv yakunlari bo‘yicha loyihalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi va tomonlar ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlashda davom etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqaritish vazirligi

Axborot xizmati