Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limining yarim yillik hisoboti
02/08/2021 - 12:28 1924
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2021-yil 1-iyuldagi 30/1-2308-sonli topshirig‘i hamda Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining 2021-yil 15-iyuldagi 18-son bayonining ijrosini ta’minlashda bo‘lim xodimlari tomonidan muntazam ish olib borilmoqda.
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi diqqat markazida turgan asosiy masalalardan biri bu — vazirlikda o‘zbek adabiy tilini saqlash, uni rivojlantirishni ta’minlaydigan faol va yaxlit til siyosatini shakllantirish, xatlarni tahrirlash hamda tuzatish, matn elementlarini grafik, leksik jihatdan bir xilligini ta’minlash, imlo va punktuatsiya xatolarini bartaraf etish, hamda uning me’yorlari va qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, vazirlikning markaziy apparati, hududiy bosh boshqarmalarida barcha ish hujjatlarini lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tiliga bosqichma-bosqich o‘tkazishdir.
Shu maqsadda rasmiy veb-sayt hamda vazirlik binosining foyyesida joylashgan infokioskda “Kun savoli”, “Til bor — millat bor” rukni ostida hamda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan har bir so‘z ma’nosining sharhi infografik usulda har kuni yoritib kelinmoqda.
Ish faoliyatimizda ko‘p qo‘llanadigan so‘zlar, ularning yozilishi va usullari, shuningdek, hujjatlarda qayta-qayta takrorlanadigan xatoliklarning oldini olish maqsadida “Vazirlik tizimida o‘zbek tilida ish yuritish uchun qo‘llanma”si lotin va kirill alifbosida tayyorlanib, tizimdagi barcha tashkilotlarga tarqatildi.
Soha mutaxassislarini jalb etgan holda “Iqtisodiy atamalarning qisqacha izohli lug‘ati” tayyorlandi va hozirda ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, xulosalari olinmoqda. Ushbu izohli lug‘atni O‘zbek tilini rivojlantirish va targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ikkinchi yarim yillikda nashr etish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida bo‘lim xodimlari tomonidan 9 000 betga yaqin hajmda vazirlikning turli mazmundagi hujjatlari o‘qib chiqilib, ularga tegishli tuzatishlar kiritildi. Hisobot davrida mazkur hujjatlarda aniqlangan imloviy, uslubiy va punktuatsion xatolar bartaraf etildi.
Vazirlik xodimlari bilan muntazam axborot-tushuntirish ishlarini olib borish natijasida iyun oyida aniqlangan xatoliklar soni aprel oyiga nisbatan kamayganligini va bu borada Inson kapitalini rivojlantirish departamenti, Axborot xizmati, Sanoat siyosatini yuritish departamenti, Biznes muhitini yaxshilash va zamonaviy iqtisodiyotni shakllantirish departamenti, Sanoat tarmoqlarini kompleks rivojlantirish departamenti, Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti hamda Integratsiya va ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish departamenti tomonidan davlat tilida hujjatlar tayyorlash faoliyatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilganligini ta’kidlash joiz.
Davlat tilida ish yuritishni ommalashtirish, xodimlar malakasini oshirish maqsadida bo‘lim xodimlari tomonidan bir qator maqolalar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalarida hamda vazirlikning veb-saytida e’lon qilindi. Xususan:
“Tilsiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi” (vazirlik veb-sayti, 11/03/2021, 277-son);
“O‘zbek tili me’yorlari kitobi nashr etildi” (vazirlik veb-sayti, 01/04/2021, 805-son);
«“O‘zbek tilim — jonu dilim” yoxud islohga yuz tutayotgan alifbo» (vazirlik veb-sayti, 22/04/2021, 464-son);
“Yangi O‘zbekiston istiqboli uchun mas’ulmiz!” (vazirlik veb-sayti, 28/05/2021, 317-son);
“Halollik vaksinasi – korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim omil” (vazirlik veb-sayti, 07/06/2021);
“Iqtisodiy yangi so‘zlar” (vazirlik veb-sayti, 30/07/2021);
“Davlat tiliga e’tibor — Mustaqillikka bo‘lgan e’tibor” (vazirlik veb-sayti, 15/07/2021);
“Qat’iy intizom, fidoyilik, tashabbuskorlik va mehnatsevarlik — iqtisodiy rivojlanishning ajralmas qismi” (“Yangi O‘zbekiston”, 2021-yil 23-aprel, 81-son);
“Davlat tili siyosatini takomillashtirishning yangi bosqichi” (“Yangi O‘zbekiston”, 2021-yil 25-may, 104-son);
“Kuchli iqtisodiyot va kuchli ma’naviyat — yangi O‘zbekistonning ikki ustuni” (“Yangi O‘zbekiston”, 2021-yil 4-iyun, 113-son);
“O‘zbekistonda shaharlar qanday rivojlanadi?” (“O‘zbekiston ovozi”, 2021-yil 30-iyun, 25-son).
Vazirlik saytida xodimlar hayotida o‘zbek tilining o‘rni va ahamiyatini ifodalashga qaratilgan “Ona tilimiz — o‘zligimiz bayoni” maxsus rukni ochilib, maqolalar muntazam joylashtirib kelinmoqda.
Shuningdek, vazirlik va uning tizimlarida buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy hamda shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan onlayn suhbatlar tashkil etildi.
(https://mineconomy.uz/uz/news/view/3677)
Bundan tashqari, Sohibqiron Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan viktorina tashkil etilib, viktorina g‘oliblari pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
(https://mineconomy.uz/uz/news/view/3788)
Iyul oyida vazirlikda mutaxassis va olimlar tomonidan “O‘zbekistonda urbanizatsiya va shaharlarni kompleks rivojlantirish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Ushbu o‘tkazilgan tadbirlar vazirlik xodimlarining kasbiy salohiyatini yuksaltirishga, malaka va bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.
Hozirda bo‘limda 10 nafar malakali xodim ishlamoqda. Belgilangan shtatlar doirasida bo‘lim yosh, g‘ayratli xodimlar bilan to‘ldirib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi jamoasining barcha sa’y-harakati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining muvaffaqiyatli faoliyatiga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan.
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi