O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori yuzasidan "Qishloq Infratuzilmasini Rivojlantirish" loyihasi rahbariyatining sharhi

21/09/2021 - 12:07 4884

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom Taraqqiyot Banki va OPEK Xalqaro Taraqqiyot Jamg'armasi ishtirokida "Qishloq Joylarni Barqaror Rivojlantirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi qaroriga sharh.

  "Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish" loyihasi direktori Zafar Urakov O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ushbu hujjatni imzolashning asosiy sabablari va maqsadlari haqida so'zladi. Xususan, u Qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo'l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida "Qishloq Joylarni Barqaror Rivojlantirish" loyihasi tasdiqlanganini ta'kidladi.

Loyiha Islom Taraqqiyot Banki (ITB) direktorlar kengashi tomonidan 200 million AQSh dollari va OPEK Xalqaro Hamkorlik Jamg'armasi direktorlar kengashi tomonidan 75 million AQSh dollari miqdorida kredit mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

 Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning O'zbekistondagi vakolatxonasi loyihani amalga oshirish davrida mas'ul ijro etuvchi organning hamkori sifatida faoliyat ko'rsatiladi va tashkilot tomonidan loyiha uchun 3,05 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag'i ajratiladi.

 Loyihani amalga oshirishda O'zbekiston Respublikasining ulushi 59,95 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag'lar tashkil etadi.

 Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi loyihani o'z vaqtida amalga oshirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, ITB va OPEK kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish bo'yicha mas'ul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

 Loyiha Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining 20 ta tumanidagi 170 ta MFY (40 ta Markaziy, 130 ta yondosh mahalla)larda amalga oshiriladi, va amalga oshirish muddati 5 yilni (2021-2025) tashkil etadi.

 Loyihaning umumiy byudjeti 338 million AQSh dollarini tashkil etadi.

 "Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish" loyihasi direktori o'rinbosari Zokir Raximov mazkur hujjatning Yo'l Xaritasida qayd etilgan loyihani amalga oshirish tamoyillari va bosqichlari nazarda tutilayotganini ta'kidladi.

 Xususan, loyihani amalga oshirish mexanizmlari bo’yicha qishloqlarda 170 Mahalla Fuqarolar Yig'ini tanlash va ob’ektlarni (subloyihalarni) aniqlash bo’ycha Birlashgan Millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda  faoliyatda olib boriladi; qishloq taraqiyot dasturlarining manzilli ro'yxatini ishlab chiqish, viloyatlar va tumanlar hokimliklari ishtirokida qishloq aholisining fikrini hisobga olgan holda amalga oshiriladi; mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan, xususan, loyiha doirasida belgilangan ishlarni amalga oshirish jarayonida aholi xavfsizligi va atrof-muhit muhofazasi ta'minlanadi; aholi punktlarining bosh rejalarini loyihalashtirish, ishlab chiqish va belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o'tkaziladi.

 Muloqot va jamoatchilik bilan ishlash maqsadli dasturlarni shakllantirishda ochiqlik tamoyillari asosida amalga oshiriladi, har bir qishloqda jamoat tashkilotlari ekspertlari guruhi bilan so'rovlar, uchrashuvlar, seminarlar va treninglar tashkil etilib, shuningdek, loyiha bo'yicha taqdimotlar o'tkaziladi.

 O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom Taraqqiyot Banki va OPEK Xalqaro Taraqqiyot Jamg'armasi ishtirokida "Qishloq Joylarni Barqaror Rivojlantirish" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi qarori 18.09.2021 yildan kuchga kirdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati