Davlat funksiyalarini amalga oshirish huquqini biznes vakillari ixtiyoriga o’tkazish jadallashtirilmoqda

22/10/2021 - 20:09 4061

Joriy yilning 20-oktabr kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligida qator vazirlik va idoralar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarning masʼul vakillari ishtirokida “Davlat funksiyalarini amalga oshirish huquqini biznes vakillari ixtiyoriga oʻtkazish jarayonlarini jadallashtirish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbati davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 7-dekabrdagi

PQ-4913-son Qarori, shuningdek, bugungi kunga qadar Hukumatning qator qarorlari asosida biznes vakillari ixtiyoriga oʻtkazilgan quyidagi funksiyalarni amalga oshirish jarayonlariga biznes vakillarini jalb qilish qamrovini kengaytirish bu borada amaliyotda uchrayotgan muammo va kamchiliklar hamda istiqbolda masʼul vazirlik, idoralar oldida turgan vazifalari belgilab olindi:

Koʻchmas mulk obyektlariga kadastr yigʻmajildini, shu jumladan birlamchi kadastr yigʻmajildini tayyorlash;

- Avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalari oʻrnatilishini tashkil etish;

- Barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (tramvay va trolleybusdan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish;

- Avtomobil yoʻllarida avtomatlashtirilgan oʻlchov vositalari bilan jihozlangan ogʻirlik va gabarit nazorati boʻyicha statsionar shoxobchalar oʻrnatilishini tashkil etish;

-Davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlari, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari tomonidan ayrim turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilishida agent sifatida ishtirok etish;

-Davlat organlari va tashkilotlarining ichki maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash va saqlash boʻyicha funksiyalarini bajarish;

-jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan M1 toifadagi avtotransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish.

Davra suhbati davomida belgilangan vazifalarga muvofiq yuqorida keltirilgan funksiyalarni amalga oshirish jarayonlariga biznes vakillarini keng jalb qilish, ularga mazkur yoʻnalishda faoliyat boshlash uchun amaliy va nazariy tushuntirishlar berish, shuningdek, bugungi kunda mazkur yoʻnalishlarning amalga oshirish jarayonlarida qatnashayotgan biznes vakillari faoliyatida uchrayotgan muammolarni monitoring qilish choralarini koʻrish boʻyicha vazirlik va idoralar oʻrtasida hamkorlik kelishuvlariga erishildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi yuqorida koʻrsatilgan davlat funksiyalarini amalga oshirish istagi boʻlgan tadbirkorlarga yaqindan yordam berishga tayyorligini maʼlum qiladi. Mazkur funksiyalarni amalga oshirish istagida boʻlgan tadbirkorlar quyidagi telefon raqamlarga murojaat qilishlari mumkin.

Xususiy sektorni tahlil qilish va rivojlantirish boshqarmasi.

(71) 232-64-96

(71) 232-64-52

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati