Bo‘ka tumanida mahallabay o‘rganish ishlari – Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi

12/11/2021 - 16:52 3845

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 18-19-mart kunlari Toshkent viloyatiga tashriflari davomida va Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriqlari va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni (27.03.2021 yil, 02-PA 1-5015-son) ijrosi yuzasidan Toshkent viloyati Bo‘ka tumaniga biriktirilgan Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Tumanda “mahallabay” ishlash bo‘yicha Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Toshkent viloyati hududiy ofisining 16 nafar xodimi biriktirildi.

Tumanda 42 ta MFYda 25,2 mingta xonadon, 28,3 mingta oila, 127,5 mingta aholi mavjud bo‘lib, shulardan ishsizlar soni 5619 tani tashkil etadi.

Bugungi kunga qadar 42 ta MFYda o‘rganilgan 22973 ta xonadonlarda 1587 ta muammolar aniqlanib, muammoning 85 tasi joyida bartaraf etildi, 650 tasi 2021-2022-yillarda dastur asosida amalga oshiriladi, 852 tasini bartaraf etish bo‘yicha sektor rahbarlari hamda biriktirilgan tijorat banklari, tashkilot va korxonalar bilan birgalikda ishlar olib borilmoqda.

Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 715 ta fuqaroga o‘zini-o‘zi band qilish maqsadlarida 20,3 mlrd so‘m kreditlar ajratildi hamda 98 ta tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi.

Shu qatorda tumanda 2021-2022-yillarda 53 ta (481,5 mlrd so‘m) investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan, yangi yaratiladigan ish o‘rinlari soni 1 293 ta tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda mazkur loyihalardan 26 tasini ishga tushirish hisobiga 122,7 mlrd so‘m o‘zlashtirilgan bo‘lib, 412 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Infratuzilmani yaxshilash hamda ijtimoiy soha obyektlarini ta’mirlash

Mahallalar hududida joylashgan infratuzilma obyektlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik asosida infratuzilma sohasini rivojlantirish yo‘nalishida ham ishlar davom ettirildi.

Jumladan, 148,1 km (113,0 km shag‘al va 35,1 km asfalt) ta’mirtalab ko‘chalar aniqlangan bo‘lsa, shundan bugungi kunga qadar 9,9 km ichki yo‘llar asfaltlashtirildi, 2 km piyoda yo‘lakchasi ta’mirlandi va 50,2 km yo‘llarga shag‘al qoplanmasi tashlanib ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 5 dona transformator, 700 ta elektr ustunlari (stolba) qo‘yildi va 18,5 km havo tarmog‘i rekonstruksiya qilindi va 49 dona transformator punktlari mukammal ta’mirlandi.

Xususan, tumanning “Chavilsoy” MFY Ko‘k terak ko‘chasiga (375 metr) shag‘al qoplamasi yotqizildi.

Elektr ta’minoti sohasida elektr (22 ming dona) va gaz (2,1 ming dona) hisoblagichlar yetkazilib, 23,5 ming xonadonga o‘rnatildi. Shuningdek, “Obod qishloq” dasturi doirasida “Mirzabek” va “Parkent” MFY hududining elektr ta’minoti tizimida 21,3 km havo tarmoqlari tortildi hamda 439 dona tayanch ustunlari, 20 dona tungi yoritish chiroqlari va 4 dona transformatorlar o‘rnatildi.

Misol tariqasida tumandagi “O‘rta-tepa” MFY Qirg‘ovul ko‘chasi hamda “Samarqand” MFY Shodlik ko‘chasi, “Achamayli” MFY qishloqlariga elektr energiyasi ta’minoti yaxshilash maqsadida 50 ta beton ustunlari va “Achamayli fayz baraka” MFY Achamayli ko‘chasiga 10 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Shu bilan birgalikda “Osiyo” ko‘chasiga aholini uzluksiz elektr bilan ta’minlash maqsadida yuqori kuchlanishdagi transformator o‘rnatish ishlari boshlandi.

Bundan tashqari ichimlik suvi, elektr tarmoqlari hamda gaz ta’minotidagi jami 23,0 km ta’mirlanishi kerak bo‘lgan tarmoqlar aniqlab olindi.

“Jag‘albayli” MFY Yoshlik ko‘chasidagi xonadonlarda yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha mahallaning tepa qismidagi artezian qudug‘idan 600 metr suv quvurini tortish rejalashtirilgan bo‘lib, hisob-kitoblar bo‘yicha ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘ loyiha smeta hujjatlariga ko‘ra 107,0 mln so‘mni tashkil etgan (600 metr suv quvurlarni sotib olish, qazish, o‘rnatish, ish haqi va boshqa xarajatlar). Bugungi kunga qadar 24,1 km ichimlik suvi quvurlari o‘rnatildi.

Cho‘lobod hamda Bo‘ka MFY aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 4,6 km uzunlikdagi suv quvurlari tortildi, buning natijasida 4 000 dan ziyod aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Ijtimoiy soha muassasalaridan 5 ta maktab 7,7 mlrd so‘m, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi 9,8 mlrd so‘m, 2 ta qishloq oilaviy poliklinikasi 1,8 mlrd so‘m, 2 ta MFY binosi va 1 ta madaniyat markazi 2,5 mlrd so‘mga qurilish va ta’mirlash ishlari rejalashtirib olindi. Shuningdek, hududdagi 4 ta maktab, 2 ta MTM va 2 ta tibbiyot muassasalarida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Aholiga ko‘rsatilgan 350,0 mln so‘m homiylik mablag‘lari hisobidan 10 ta fuqaroga (22,0 mln so‘mlik) tikuv mashinasi va 10 ta fuqaroga (4,0 mln so‘mlik) minipech hamda Yangi Hayot MFY dagi 2 ta 4 qavatli 96 xonadonli uylarning tom qismi ta’mirlandi va jami 42 ta mahallalarga 17 ta stol, 2 ta stul, 20 ta kompyuterlar sotib olib berildi.

Xususan, “Do‘stlik” MFY Ulug‘bek ko‘chasi 71-uyda yashovchi Baxtiyorov Doston Ixtiyor o‘g‘liga va “Samarqand” MFYda yashovchi fuqarolar Umarov Faxriddin Ergashovich hamda Risbekov Akimboy Zokirovichlarga 3 ta nogironlik aravachasi topshirildi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati