O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom haqida

15/11/2021 - 12:39 5446

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyundagi “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-5157-son qaroriga asosan 2021/2022-o‘quv yili qabulidan boshlab, davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun ham shakllantirilishi belgilandi.

        O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2021-yil 19-oktabrda Adliya vazirligi tomonidan 3326-son bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi.

        Nizomga ko‘ra:

        davlat buyurtmasi – vazirlik, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantiriladigan, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘qitish harajatlari to‘liq qoplab beriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan buyurtmalar portfeli;

        talabgor – ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan va o‘qishni tamomlagandan so‘ng kadrlar buyurtmachisi tizimida 5 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ishlab berish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan talaba;

        ta’lim tashkiloti – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlari reyestriga kiritilgan, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari;

        kadrlar buyurtmachilari – oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda kadrlar tayyorlashga buyurtmalar beruvchi va kelgusida ushbu kadrlarni ish bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan vazirlik, davlat qo‘mitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari;

        filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining (keyingi o‘rinlarda — kadrlar buyurtmachilari) oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi;

        filiallar yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan va o‘qishni tamomlagandan so‘ng kadrlar buyurtmachisi tizimida 5 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ishlab berish istagini bildirgan abituriyentlar bilan uch tomonlama (kadrlar buyurtmachisi — talaba — oliy ta’lim tashkiloti) shartnoma tuziladi;

        filiallar yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyent kadrlar buyurtmachisi bilan shartnoma imzolamagan taqdirda, shartnoma tuzish huquqi to‘plangan ballar miqdori bo‘yicha undan keyingi o‘rinda turgan abituriyentga beriladi;

        davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning o‘qitish xarajatlari kadrlar buyurtmachilari tomonidan Davlat budjeti parametrlarida mazkur maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

        Nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ularning filiallariga davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish 4 bosqichda amalga oshiriladi:

1.    Vazirlik va idoralar, davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarning nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga yo‘nalishlar kesimida buyurtmalar portfelini shakllantirish va tasdiqlash uchun Davlat komissiyasiga kiritish. Mas’ul tashkilot - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bo‘lib muddat har yili 30-mayga qadar deb belgilangan;

2.    Ta’lim tashkilotlarining kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, yuqori natijaga erishgan fuqarolar (talabgorlar) ro‘yxatlari shakllantiriladi. Mas’ul tashkilotlar - Ta’lim tashkilotlari bo‘lib muddat imtixonlar natijalari e’lon qilingandan so‘ng 20 kun muddatda deb belgilangan;

3.    Kadrlar buyurtmachisi, talabgor va ta’lim tashkiloti o‘rtasida uchtomonlama shartnoma tuziladi. Mas’ul tashkilotlar - Kadrlar buyurtmachilari, talabgorlar va ta’lim tashkiloti bo‘lib muddat kelishuvga asosan deb belgilangan;

4.    O‘qish davri tugagandan so‘ng kelgusi 5 yil muddatda kadrlar buyurtmachilari tizimida ishlab berish yuzasidan mehnat shartnomasi tuzish hamda mehnat faoliyatini boshlash. Mas’ul tashkilotlar - Kadrlar buyurtmachilari, talabgorlar bo‘lib muddat talabgor o‘qishi tamomlagan kundan boshlab 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda deb belgilangan.

Davlat grantini nodavlat oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha taqsimoti quyidagicha:

-        Toshkent shahridagi Yodju texnika institute – 30ta;

-        Akfa universiteti – 20ta;

-        Qo‘qon universiteti – 30ta;

-        Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti – 10ta;

-        TEAM universiteti – 20ta;

-        Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti – 20ta;

-        Yaponiya raqamli universiteti – 30ta;

-        G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali – 30ta;

-        Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti – 50ta;

-        Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti – 50ta;

-        Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti – 30ta;

-        Toshkent shahridagi Inha universiteti – 50ta;

-        Toshkent shahridagi Puchon universiteti – 20ta;

-        Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahridagi filiali – 10ta;

-        Toshkent shahridagi Amiti universiteti – 30ta;

-        Toshkent shahrida Vebster universiteti – 10ta;

-        O‘zbekiston Sharda Universiteti – 20ta;

-        Toshkent shahrida Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti – 20ta;

-        Urganch shahridagi xalqaro «Binary» universiteti – 20ta. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati