Iqtisodiyot faolligining ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi

25/12/2021 - 13:14 3019

Tezkor bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra joriy yilning 13-19-dekabr kunlari tovarlar eksporti hajmi 220 mln. dollarni hamda importi hajmi 516,7 mln. dollarni tashkil qilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 66,4 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 146,3 mln. dollarni tashkil qilmoqda. Xususan, 34,6 mln. dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 32,9 mln. dollarlik kalava ip, 35,3 mln. dollarlik metall va metall buyumlar, 24,0 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari, 19,5 mln. dollar miqdoridagi tabiiy qazilmalar mahsulotlari eksport qilingan.

Import tovarlari guruhida ulushi katta bo‘lgan jami 291,1 mln. dollarlik mahsulotlar aynan 5 ta tovarlar guruhi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, texnologik asbob va uskunalar 75,0 mln. dollar, transport va uning ehtiyot qismlari 71,5 mln. dollar, metall va metall buyumlar 62,0 mln. dollar, farmasevtika mahsulotlari 41,7 mln. dollar va oziq-ovqat mahsulotlari 40,9 mln. dollar miqdorida import qilingan.

“O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilishiga ko‘ra, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan suyultirilgan gaz 2,3 barobarga, polietilen 1,8 barobarga, sement 1,6 barobarga, mis katodi 1,4 barobarga va mineral o‘g‘itlar 1,4 barobarga oshgan.

13-19 dekabr oralig‘ida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, iste’mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha inflyasiya darajasi 0,09 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida). Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari hafta davomida o‘rtacha 0,21 foizga oshgan, noziq-ovqat mahsulotlari narxlari esa 0,01 foizga oshgan. Xizmatlar narxlari esa hafta davomida deyarli o‘zgarmagan.

Hududlar kesimida sezilarli o‘sish sur'ati Qashqadaryo (0,19%), Farg‘ona (0,13%) va Namangan (0,12%) viloyatlarida, hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (0,12%) qayd etildi.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati