Iqtisodiyot faolligining ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi

05/01/2022 - 12:42 2955

Tezkor bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra joriy yilning 20-26-dekabr kunlari tovarlar eksporti hajmi 161 mln. dollarni hamda importi hajmi 545,3 mln. dollarni tashkil qilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 68,4 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 110,1 mln. dollarni tashkil qilmoqda. Xususan, 36,9 mln. dollarlik metall va metall buyumlar, 24,6 mln. dollarlik kalava ip, 19,1 mln. dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 17,0 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari, 12,5 mln. dollar miqdoridagi transport va uning ehtiyot qismlari eksport qilingan.

Import tovarlari guruhida ulushi katta bo‘lgan jami 312,2 mln. dollarlik mahsulotlar aynan 5 ta tovarlar guruhi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, texnologik asbob va uskunalar 78,6 mln. dollar, elektrotexnika va uning qismlari 64,3 mln. dollar, metall va metall buyumlar 62,8 mln. dollar, transport va uning ehtiyot qismlari 56,7 mln. dollar va oziq-ovqat mahsulotlari 49,8 mln. dollar miqdorida import qilingan.

“O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilishiga ko‘ra, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan suyultirilgan gaz 3,9 barobarga, mis katodi 2,8 barobarga, mineral o‘g‘itlar 2,6 barobarga, qora metallar prokati 2,5 barobarga, polietilen va dizel yoqilg’isi 1,6 barobarga oshgan.

20-26 dekabr oralig‘ida olib borilgan tahlillarga ko‘ra, iste'mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha inflyatsiya darajasi 0,07 foizni, tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida). Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari hafta davomida o‘rtacha 0,21 foizga oshgan, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari esa 0,04 foizga pasaygan. Xizmatlar narxlari hafta davomida deyarli o‘zgarmagan. Hududlar kesimida sezilarli haftalik o‘sish sur'ati Samarqand 0,3 foiz viloyatida qayd etildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati