Joriy yilning 1-10-yanvar kunlari davomida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot

11/01/2022 - 13:42 3088

Ushbu davr mobaynida bozorda apelsin 5 500 so‘mga, limon 4 000 so‘mga, banan 2 500 so‘mga, loviya va bodring 1 000 so‘mga va mosh 500 so‘mga arzonlagan.

Shu bilan birga, sarimsoq piyoz va ananas 2 500 so‘mga, pomidor 1 000 so‘mga, mandarin va no‘xat 500 so‘mga hamda kartoshka (import) 150 so‘mga oshgan.

Shu bilan birga, Davlat bojxona qo‘mitasining tezkor ma’lumotlariga asosan, joriy yil 1-10-yanvar kunlari umumiy qiymati 10,5 mln.dollarlik (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 508 ming dollar ko‘p) jami 15,5 ming tonna (585 tonna ko‘p) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. 

Xususan, mazkur davrda 2,4 ming tonna uzum, 1,7 ming tonna karam, 1,5 ming tonnadan loviya va mosh, 1,1 ming tonna pomidor, 0,9 ming tonna mayiz, 0,7 ming tonna quritilgan meva, 0,6 ming tonnadan bodring, gul karam va brokolli hamda 0,5 ming tonna anor tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.

Shuningdek, ushbu davr mobaynida 5,8 mln. dollar (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,9 mln. dollar ko‘p) qiymatdagi jami 17 ming tonna (1,1 ming tonna ko‘p) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, 9,5 ming tonna kartoshka, 2,9 ming tonna banan, 2,2 ming tonna mandarin, 0,7 ming tonna olma, 250 tonna apelsin va 307 tonna kivi import qilingan.

Tezkor ma’lumotlarga asosan, “Qo‘yliq” bozoriga 1-10-yanvar kunlari hududlardan jami 4,6 ming tonna, xususan, 2,9 ming tonna kartoshka, 1,2 ming tonna piyoz, 154 tonna karam va 358 tonna sabzi keltirilgan.

Shundan, Toshkent viloyatidan 132 tonna kartoshka, 378 tonna piyoz, 154 tonna karam, 153 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 540 tonna piyoz, Jizzax viloyatidan 299 tonna piyoz, Qashqadaryo viloyatidan 93 tonna va Sirdaryo viloyatidan 41 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.

Shuningdek, “Qo‘yliq” bozoriga Qozog‘iston Respublikasidan 770 tonna, Qirg‘iziston Respublikasidan 148 tonna, Afg‘oniston Islom Respublikasidan 826 tonna, Pokiston Respublikasidan 460 tonna va Eron davlatidan 570 tonna kartoshka keltirilgan.

Shu bilan birga, hududlardan “Chorsu” dehqon bozoriga 1-10-yanvar kunlari jami 61 tonna, shu jumladan, 56,9 tonna mol go‘shti va 4,1 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati