Iqtisodiyot faolligining ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi

13/01/2022 - 14:47 3181

Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra 2022-yilning 03-09-yanvar kunlari tovarlar eksporti hajmi 62,3 mln. dollarni hamda importi hajmi 377,8 mln. dollarni tashkil qilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 80,3 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 50 mln. dollarni tashkil qilmoqda. Xususan, 18,5 mln. dollarlik kalava ip, 11,2 mln. dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 9,3 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari, 6,5 mln. dollarlik metall va metall buyumlar, 4,6 mln. dollar miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilingan.

Import tovarlari guruhida ulushi katta bo‘lgan jami 210,3 mln. dollarlik mahsulotlar aynan 5 ta tovarlar guruhi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, metall va metall buyumlar 60,4 mln. dollar, texnologik asbob va uskunalar 50 mln. dollar, elektrotexnika va uning qismlari 40,3 mln. dollar, neft va neft mahsulotlari 30 mln. dollar, va transport va uning ehtiyot qismlari 29,5 mln. dollar miqdorida import qilingan.

“O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilishiga ko‘ra, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan avtomobil benzini 2,7 barobarga, qora metallar prokati 2,3 barobarga, suyultirilgan gaz 1,8 barobarga, polipropilen 1,6 barobarga, polietilen 1,4 barobarga, mineral o‘g‘itlar va dizel yoqilg’isi 1,1 barobarga oshgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati