Jahon bankining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturining Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari hududiy boshqaruv vakillari bilan muhokamasi

20/01/2022 - 18:45 3487

Joriy yilning 19-yanvar sanasida Jahon bankining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini joylarda muhokama qilish maqsadida Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari hududiy boshqaruv vakillari, ijtimoiy soha vakillari, tadbirkorlar hamda jamoatchilik vakillari bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda, shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuhrat Matkarimov va Jahon banki Guruhi bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Behzod Hamroyev ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida Jahon banki Guruhining 2016–2021-yillardagi O‘zbekiston bilan amalga oshirilgan hamkorlik dasturi, ularning natijalari va erishilgan yutuqlar, Jahon bankining joriy loyihalari holati hamda kelgusida amalga oshiriladigan dasturlarni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birgalikda, Marko Mantovanelli 2017-yildan keyin O‘zbekistonda amalga oshirilgan samarali islohotlar, keyingi davrda mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy jihatidan rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan maqsadlar, yangi hamkorlik Dasturi ustuvor yo‘nalishlari, xususan, inklyuziv iqtisodiy o‘sish va uni rivojlantirishda xususiy sektorning ishtiroki, inson kapitalini rivojlantirishga e’tiborni kuchaytirish, ekologik muhitni yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga javob choralarini ko‘rish, yashil iqtisodiyotga o‘tish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

        Uchrashuv davomida hududlar vakillari o‘zlari uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlarda Jahon banki bilan hamkorlik yuzasidan o‘z takliflarini berdilar.

        Jahon bankining 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini joylardagi muhokamasi davom etmoqda, navbatda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati