Joriy yilning 1-13-fevral kunlari davomida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot

15/02/2022 - 14:06 3501

Dehqon bozorlaridagi asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ulgurji narxlari dinamikasi kunlik monitoring qilinib borilib, ushbu davr mobaynida tarvuz 3 250 so‘mga va qovun 4 000 so‘mga oshganligi aniqlandi.

Shu bilan birga, Davlat bojxona qo‘mitasining tezkor ma’lumotlariga asosan, joriy yil 1-13-fevral kunlari umumiy qiymati 27,3 mln.dollarlik (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,0 mln dollar ko‘p) jami 39,8 ming tonna (10,3 ming tonna ko‘p) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Xususan, mazkur davrda 8,1 ming tonna karam, 4,7 ming tonna mosh, 3,7 ming tonna mayiz, 2,8 ming tonna loviya, 2,6 ming tonna pomidor, 2,5 ming tonna sabzi, 2,1 ming tonna quritilgan meva, 1,7 ming tonna uzum, 1,3 ming tonnadan anor va gulkaram hamda 1,1 ming tonnadan bodring va yeryong‘oq tashqi bozorlarga yetkazib berilgan.

Shuningdek, ushbu davr mobaynida 12,2 mln dollar (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,4 mln dollar ko‘p) qiymatdagi jami 51,6 ming tonna (22,8 ming tonna ko‘p) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan 35,8 ming tonna kartoshka, 5,7 ming tonna banan, 3,1 ming tonnadan mandarin va olma, 661 tonna kivi va 603 tonna apelsin import qilingan.

Tezkor ma’lumotlarga asosan, “Qo‘yliq” bozoriga 1-13-fevral kunlari hududlardan jami 9,2 ming tonna, xususan, 4,5 ming tonna kartoshka, 3,0 ming tonna piyoz, 544 tonna karam va 795 tonna sabzi keltirilgan.

Shundan, Toshkent viloyatidan 203 tonna kartoshka, 851 tonna piyoz, 544 tonna karam, 297 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 1 597 tonna piyoz, Jizzax viloyatidan 586 tonna piyoz, Qashqadaryo viloyatidan 202 tonna, Surxondaryo viloyatidan 187 tonna va Sirdaryo viloyatidan 109 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.

Shuningdek, “Qo‘yliq” bozoriga Qozog‘iston Respublikasidan 578 tonna, Qirg‘iziston Respublikasidan 292 tonna, Afg‘oniston Islom Respublikasidan 599 tonna, Pokiston Respublikasidan 2 196 tonna va Eron davlatidan 670 tonna kartoshka keltirilgan.

Shu bilan birga, hududlardan “Chorsu” dehqon bozoriga 1-13-fevral kunlari jami 143,8 tonna, shu jumladan 115,6 tonna mol go‘shti va 28,2 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati