Adju univesiteti vakillari bilan uchrashuv
21/02/2022 - 15:23 3960
Joriy yilning 19-fevral kuni Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Koreya Respublikasidagi Adju universiteti Vitse-prezidenti, Toshkent shahridagi Adju universiteti loyihasi rahbari, professor Jeong Xun Son boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, hamda Toshkent shahridagi Adju universiteti rahbariyati qatnashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Toshkent shahridagi Adju universiteti faoliyatini yanada rivojlantirish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olish bo‘yicha fikr almashdilar.
Ma’lumot uchun: Toshkent shahridagi Adju universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi “Toshkent shahrida Adju universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4041-sonli qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 839 nafar talaba bakalavriatning arxitektura, qurilish muhandisligi, elektrotexnika va kompyuter muhandisligi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olmoqdalar.
Shuningdek, uchrashuvda 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab yangi qabul qilinadigan talabalarning to‘lov-kontrakt miqdorini kamaytirish va universitet binosining rekonstruksiya ishlari bo‘yicha masalalar muhokama qilindi. Xususan, Toshkent shahridagi Adju universitetini zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, rivojlangan va yirik kompaniyalarda axborot texologiyalari (IT)ning tutayotgan o‘rni va uning vazifalarini chuqur o‘rganish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida va Adju universiteti bilan magistratura bosqichida axborot texologiyalari yo‘nalishida biznes boshqaruv qo‘shma o‘quv dasturini 2022-yilda joriy qilishning amaliy jihatlari ko’rib chiqildi.
Uchrashuv so‘ngida, tomonlar yuqorida qayd etilgan masalar va takliflarni atroflicha muhokama qilib, ikki tomonlama samarali hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kabag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati