Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlarining haftalik dinamikasi
21/02/2022 - 15:30 2616
2022 yilning 14 – 20-fevral kunlari “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da ham yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,3 barobarga hamda o‘tgan oyning mos haftasiga nisbatan 24 foizga oshgani kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan avtomobil benzini 1,9 barobarga, suyultirilgan gaz va polipropilen 1,6 barobarga, shuningdek, qora metallar prokati 1,2 barobarga oshgani qayd etildi.
Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 14 – 20-fevral kunlari tovarlar eksport hajmi 165,1 mln dollarni, import esa 660,5 mln dollarni tashkil qildi.
Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 73,0 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 120,6 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 34,7 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 34,4 mln dollarlik kalava ip, 27,7 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 14,5 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari va 9,3 mln dollar miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari).
Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 430,5 mln dollarni tashkil etdi. Bular:
Transport va uning ehtiyot qismlari (155,7 mln dollar), texnologik asbob- uskunalar (91,2 mln dollar), metall va ulardan tayyorlangan buyumlar (87,6 mln dollar), elektrotexnika va uning qismlari (55,3 mln dollar), neft va neft mahsulotlari (40,7 mln dollar).
Joriy yilning 14 – 20-fevral kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) 0,03 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida).
Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,01 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya darajasi Farg‘ona (0,31 foiz), Qashqadaryo (0,06 foiz) va Toshkent (0,02 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (0,02 foiz) qayd etilgan.
Ma’lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi asosan nooziq-ovqat va oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, xizmatlar narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati