Joriy yilning 27-fevralidan 6-maritga qadar bo‘lgan Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi
24/03/2022 - 10:45 2503
Hurmatli obunachilar!
Sizlarning e’tiboringizga mutaxassislar bilan tayyorlangan joriy yilning 27-fevralidan 6-martiga qadar bo‘lgan Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasini havola qilamiz.
2022-yilning 27-fevral – 6-mart kunlari “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,7 barobarga hamda o‘tgan oyning mos haftasiga nisbatan 1,1 barobarga oshgani kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan mis katodi 6,0 barobarga, qora metallar prokati 1,6 barobarga, avtomobil benzini 1,5 barobarga oshgani qayd etildi.
Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 27-fevral – 6-mart kunlari tovarlar eksporti hajmi 166,6 mln dollarni, import esa 639,8 mln dollarni tashkil qildi.
Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 76,5 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 127,4 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 44,6 mln dollarlik tabiiy qazilmalar, 29,6 mln dollarlik kalava ip, 22,9 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 18,5 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar va 11,9 mln dollar miqdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari).
Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 376,9 mln dollarni tashkil etdi. Bular:
Texnologik asbob-uskunalar (131,1 mln dollar), transport va uning ehtiyot qismlari (80,8 mln dollar), metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (59,6 mln dollar), neft va neft mahsulotlari (55,0 mln dollar), elektrotexnika va uning qismlari (50,5 mln dollar).
Joriy yilning 27-fevral – 6-mart kunlari Iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan haftaga nisbatan 0,03 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida).
Bunda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,01 foizga va xizmatlar narxlari 0,02 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya darajasi Namangan (0,29 foiz) va Toshkent viloyatida (0,06 foiz) qayd etilgan.
Ma’lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi, asosan, nooziq-ovqat va oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, xizmatlar narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Emel Asanov - Industrial rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boshqarmasi bosh mutaxassisi
Tohir Akramov - Tashqi iqtisodiy faoliyatni tahlil qilish va prognozlash boshqarmasi yetakchi mutaxassisi
Behruz Yarmuhamedov - Strategik rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish hamda uzoq muddatli o‘sish omillarini tahlil qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi
#iqtisodiykorsatkichlar #haftalikdinamika
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati