O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan ma'lumot

24/03/2022 - 10:57 3712

2021-yilda xizmatlar hajmi qariyb 20 foizga o‘sdi, yalpi ichki mahsulotning 38,6 foizi xizmat ko‘rsatish sohasiga to‘g‘ri keldi.
  Qaror loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda.

 1. Hududlarning xususiyatlaridan kelib chiqib, alohida yondashuvlar asosida xizmatlarni rivojlantirishning yo‘nalishlari belgilanmoqda.

 a) har bir tuman va shaharlarda aholi gavjum savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarni tashkil etish, raqamli xizmatlarni rivojlantirish, sifatli aloqa va internet qamrovini keskin kengaytirish;

 b) aholisi 300 mingdan kam bo‘lgan tumanlarda (158 ta) turizm, savdo, umumiy ovqatlanish, logistika, yo‘l bo‘yi va sanoat korxonalariga yo‘ldosh xizmatlar hamda zamonaviy agroxizmatlarni rivojlantirish;

 v) o‘rta va yirik shaharlar, aholisi 300 mingdan ko‘p tumanlarda (35 ta) zamonaviy bozor xizmatlari, ta’lim, tibbiyot, san’at, turizm va umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini kengaytirish;

 2. Xizmatlar sohasi, jumladan turizm, axborot texnologiyalari va boshqa turdagi xizmatlarni rivojlantirish maqsadida quyidagi imtiyoz va yengilliklar berilmoqda:

 a) 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar:

  • chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona, avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya hamda ko‘ngilochar markazlarda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliqning 1 foizlik stavkasini qo‘llash;
  • 28 ta tuman va shaharlarning turizm hududlarida ko‘rsatilayotgan mehmonxona, savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlari uchun aylanmadan olinadigan soliqning 1 foizlik stavkasini qo‘llash hamda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summaning
    1 foiz
    ini undirish;

 b) 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar mehmonxona (joylashtirish) obyektlari va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari uchun:

  • mol-mulk va yer solig‘i stavkalari 90 foizga kamaytiriladi;
  • 2027-yilgacha qurilgan mehmonxonalar ishga tushirilgandan keyin 5 yil mol-mulk va yer solig‘ini 90 foizga kam to‘laydi;
  • foyda solig‘ini hisoblashda binolarning qiymatini 2 yil davomida amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirib tashlash huquqi beriladi;

 v) mahallalararo savdo-xizmat ko‘chalari bo‘yida joylashgan turar joy va ko‘p qavatli uylar xizmat ko‘rsatish uchun noturar joy obyekti toifasiga o‘tkazilganda 2024-yil
1-yanvarga
qadar ularga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining jismoniy shaxslar uchun o‘rnatilgan stavkasi saqlab qolinadi;

 g) uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 10 foiz (amalda – 15 foiz) etib o‘rnatilmoqda;

 d) qishloq joylarda antenna-machta inshootlari va ular egallagan yerlar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi; 

 3. 2022-yil 1-iyuldan boshlab 28 ta tuman va shaharlarda turizm obyektlarini qurish uchun yer uchastkalari hududlarning master rejalari asosida ishlab chiqilgan loyiha takliflari hamda zarur infratuzilma bilan ta’minlangan holda onlayn-auksionga chiqarish nazarda tutilmoqda.

4. Xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish uchun tadbirkorlarni yer, bino-inshoot va boshqa zarur infratuzilma obyektlari bilan ta’minlash bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanmoqda:

a) 2022-yil 1-mayga qadar 206 ta tuman (shahar)ning 249 ta markaziy ko‘chalari turizm, gastronomik va san’atga ixtisoslashgan maxsus savdo va ko‘ngilochar ko‘chalarga aylantiriladi;

b) 2022-2023-yillarda infratuzilma bilan ta’minlangan yer uchastkalari quyidagi maqsadlarda onlayn-auksionga chiqariladi:

  • 29 ta tuman (shahar)da tashkil etiladigan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish;
  • 29 ta tuman (shahar)da 29 ta yirik savdo komplekslari hamda 8 ta hududiy savdo va logistika markazlarini barpo etish;
  • 32 ta tuman (shahar)dagi xalqaro yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish;

v) 2021-yil 1-martga qadar 49 ta tuman (shahar)da 70 ta nodavlat umumta’lim va 49 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish sharti bilan yer uchastkalari elektron onlayn-auksionga chiqariladi. 

5. Xizmatlar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish maqsadida:

a) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 2022-yil uchun ajratilayotgan mablag‘larning 500 mlrd so‘mini xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga yo‘naltirish;

b) “O‘zmilliybank” AJ tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 200 mln dollar miqdorida jalb qilingan mablag‘larni xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun tijorat banklariga yo‘naltirish;

v) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 16-iyundagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4752-son qaroriga muvofiq ajratilgan (100 mln dollar) kreditlarning so‘ndirilgan qismi hisobidan xizmatlar sohasidagi yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun 5 yilgacha muddatga 14 foizlik stavkada bitta loyiha bo‘yicha 2 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratishga ruxsat berilmoqda.

6. 2022-yilda xizmatlar hajmini 1,5 baravarga oshirish, 1,5 mln yangi ish o‘rinlarini yaratish va 60 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi maqsadli parametrlar tasdiqlanmoqda.

Maqsadli parametrlarga erishish uchun:

xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha 2022-yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlanmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati