Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar)lar hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-trening so‘nggi kuni bo‘lib o‘tdi
24/03/2022 - 11:03 3680
Joriy yilning 18-mart kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tuman (shahar)lar hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-treningni so‘nggi kuni bo‘lib o‘tdi.
Seminar-trening bir qator vazirlik va idoralarning mas’ul vakillari, xususan, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Jaxongir Mamajonov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi kadrlar maʼmuriyatchiligi departamenti mudiri Ilhom Qurbonov, Davlat xizmatlari agentligi vakillari hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi
professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazildi.
Seminar-trening davomida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga beriladigan imtiyozlar hamda aholini ishbilarmonlik sohasi bo‘yicha o‘qitish, davlat xizmati tiziminining ishlash mexanizmlari, bugungi kunda davlat xizmatini rivojlanish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati, xususan, KPI tizimni joriy etish, rivojlantirish va o‘ziga xos jihatlarini shakllantirish, ishlash mexanizmlari, sohaga zamonaviy texnologik yangiliklarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Kengashining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi QL-861-son O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasining mazmun-mohiyati, davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati samaradorligini baholash tizimi, asosiy yo‘nalishlari, belgilangan vazifalar, ishlab chiqilayotgan yangi mexanizmlardan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, seminar-treningda Milliy kadrlar tayyorlash tizimi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining - yagona ochiq portali, faoliyati, yo‘nalishlari, portal tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar muhokama qilindi.
Seminar davomida ishtirokchilar yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan mutaxassislar bilan fikr almashdilar.
Seminar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat test markazi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan ishtirokchilardan seminar-trening davomida olgan bilim va ko‘nikmalari test sinovidan o‘tkazildi.
Shuningdek, ishtirokchilar uchun kirib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan ma’naviy-marifiy tadbir tashkil etildi hamda o‘tkazilgan seminar-treninglar yuzasidan sertifikatlar tadqim etildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati