Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi

28/03/2022 - 10:36 2829

2022-yilning 7-13-mart kunlari “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,4 barobarga oshgani kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan qora metallar prokati 1,5 barobarga, dizel yoqilg‘isi 1,4 barobarga va avtomobil benzini 1,2 barobarga oshgani qayd etildi. 

Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 7-13-mart kunlari tovarlar eksport hajmi 140,5 mln dollarni, import esa 547,5 mln dollarni tashkil qildi. 

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 68,8 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 96,7 mln dollarni tashkil qilmoqda (xususan, 28 mln dollarlik kalava ip, 26,8 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 20,3 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 11,4 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari va 10,3 mln dollar miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari).

Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 350,3 mln dollarni tashkil etdi. Bular:

Transport va uning ehtiyot qismlari (120,9 mln dollar), texnologik asbob-uskunalar (98,6 mln dollar), metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (48,4 mln dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (42,9 mln dollar), elektrotexnika va uning qismlari (39,5 mln dollar).

Joriy yilning 7-13-mart kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan haftaga nisbatan 0,05 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida). 

Xususan, o‘tgan haftaga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,07 foizga va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,05 foizga, xizmatlar narxlari esa 0,01 foizga oshgan.

Respublikada o‘rtacha iste’mol narxlari indeksi darajasiga yuqori ta’sir qilgan hududlar – Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari bo‘lib, bunda iste’mol narxlari indeksi darajasi Qashqadaryo viloyatida (0,11 foiz), Xorazm viloyatida (0,10 foiz), Jizzax viloyatida (0,10 foiz), Buxoro viloyatida (0,09 foiz), va Sirdaryo viloyatida (0,08 foiz) miqdorida qayd etilgan.

Malumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi, asosan, nooziq-ovqat va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati