“ShHT hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va hamkorlikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
26/05/2022 - 17:37 2623
Joriy yilning 26-27-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumi doirasida “SHHT hududida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va hamkorlikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish” mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya O‘zbekiston va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida kuzatuvchi va a’zo davlatlar vakillari o‘rtasida tashkil etildi.
Sessiyada Pokiston kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy xavfsizlik vaziri Shaziya Marri, Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirining birinchi o‘rinbosari Olga Batalina, Hindiston Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tadqiqot va axborot tizimi ilmiy xodimi Pramond Anand (onlayn), Tojikiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Ashurboy Solexzoda, Xitoydagi kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi bosh direktori o‘rinbosari Li Ksin (onlayn), O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Mirzoxid Ubaydullayev, Qirg‘iziston Respublikasi Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vaziri o‘rinbosari Nurdulot Bazarbayev (onlayn), Qozog‘iston Respublikasi Statistika qo‘mitasi, mehnat statistikasi va turmush darajasi departamenti direktori Natalya Belonosova, Belarus Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Tatyana Bransevich (onlayn) ma’ruzachi hamda SHHTning xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov moderator sifatida ishtirok etdilar.
Sessiya davomida ishtirokchilar kambag‘allik darajasini o‘lchash usullari, yangi yondashuvlar va mexanizmlar, ijtimoiy farovonlik uchun qo‘llangan amaliy dasturlar, uy xo‘jaliklarini o‘rganish, maqsadli kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida o‘lchovlar, tajriba almashish va ilg‘or tajribalar, shu jumladan, gender tengligi, elektron tijorat, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida barqaror iqtisodiy va inklyuziv o‘sish, tadbirkorlikni hamda inson kapitalini rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar.