Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raisligida SHHTga a’zo davlatlar sanoat vazirlarining uchrashuvi va MDHga a’zo davlatlarning sanoat siyosati bo‘yicha Kengashining VIII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
15/07/2022 - 14:11 2774
2022-yil 15-iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi raisligida MDHga a’zo davlatlarning sanoat siyosati bo‘yicha Kengashining VIII yig‘ilishi va SHHTga a’zo davlatlar sanoat vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Hindiston og‘ir sanoat vaziri Mahendra Nath Pandey, Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Marat Karabaev, Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev, Pokiston sanoat va ishlab chiqarish vaziri Syed Murtaza Mahmud, Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabirov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev, Belarus sanoat vaziri o‘rinbosari Dimitriy Xaritonchik, Rossiya sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Aleksey Gruzdev, Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirining o‘rinbosari Jianping Vang, Xitoy qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vazirining o‘rinbosari Yusyan Ma (ikkalasi ham onlayn formatda), SHHT bosh kotibi o‘rinbosari Suxael Xan (video xabar) va MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ilhom Nematov ishtirok etdi.
Tadbirlar kun tartibiga MDH va SHHTga a’zo davlatlarning sanoatni rivojlantirish manfaatlari yo‘lida o‘zaro hamkorligini yanada faollashtirish va kengaytirish, kooperatsiya asosida sanoat ishlab chiqarish hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, moddiy va moliyaviy resurslarni jalb qilish, mehnat unumdorligini oshirish va sanoat mahsulotlarini diversifikatsiya qilish masalalari kiritildi.
Shuningdek, MDH va SHHT delegatsiyalari rahbarlari dunyodagi geosiyosiy vaziyatni va yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarga munosabat ko‘rsatish mumkin bo‘lgan qo‘shma chora-tadbirlarni hisobga olgan holda sanoat sohasida kelgusidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Majlislar doirasida bir qator muhim hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi, jumladan:
- MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning konseptual yo‘nalishlari dasturi loyihasi;
- SHHTga a’zo davlatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi loyihasi;
- Kongress va koʻrgazma tadbirlarini, xususan, SHHTga aʼzo davlatlar sanoat vazirlari yigʻilishi shafeligida oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizom loyihasi;
- “SHHTga a’zo davlatlar sanoati sohasida investitsiya loyihalarining ma’lumotlar banki”ni tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom loyihasi;
– MDHga a’zo davlatlarning energetika sohasidagi 2035-yilgacha hamkorlik konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar rejasi loyihalari.
Bundan tashqari, ishtirokchilar O‘zbekistonning mavjud sanoat salohiyati va kooperatsiya amaliyotini namoyish etuvchi obyektlarda bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar sanoat sohasidagi o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga qaror qilishdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati