“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan seminar
16/08/2022 - 19:02 3439
Joriy yilning 16-avgust kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departamenti mudiri o‘rinbosari Shuxrat Mamadjanov va Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun shart-sharoitlar yaratish masalalari departamenti bosh inspektori Shahruz Azimov boshchiligida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda 2022-yilning 8-avgustida qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ-788-son Qonuni kimlarga tatbiq etilishi, kimlarga tatbiq etilmasligi, davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, davlat fuqarolik xizmatchisining huquq va majburiyatlari hamda shu kabi Qonunda belgilangan bir qator dolzarb masalalar yuzasidan vazirlik xodimlariga tushuntirish ishlari olib borildi.
Ushbu qonun BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti xulosalari asosida takomillashtirilgan.
Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 118 ming nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va ular faoliyatini yagona qoidalar asosida huquqiy tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun quyidagilarni belgilaydi:
– davlat fuqarolik xizmati sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi umumiy qoidalar;
– davlat fuqarolik xizmatini tartibga solishda davlat organlarining asosiy vazifa va vakolatlari;
– davlat fuqarolik xizmatchilarining maqomi, huquq va majburiyatlari, huquqiy va ijtimoiy himoyasining kafolatlari;
– davlat fuqarolik xizmatiga kirish, uni o‘tash va tugatish asoslari;
– davlat fuqarolik xizmati tizimida korrupsiyaning oldini olish choralari.
Shu bilan birga, uchrashuv ishtirokchilariga faoliyat samaradorligini baholash, xizmat bo‘yicha ko‘tarilish, rotatsiya, kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirish, mehnatga haq to‘lash, intizomiy jazo va rag‘batlantirish choralari bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berib o‘tildi.
Uchrashuv so‘ngida vazirlik xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob olishdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati