Til – bu millat ruhi
26/09/2022 - 11:12 2855
Har bir millatning Vatani kabi yana bir buyuk boyligi bor. Bu ham bo‘lsa uning tilidir. Aynan til odamlarni bir millatga mansub xalq sifatida birlashtiradi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisi, xalqni xalq, millatni millat qiladigan ramzlardan biri sanalib, asrlar osha ajdoddan-avlodga meros bo‘lib yetib keladigan o‘zaro muomala vositasidir.
Yer yuzida hozirgacha yashagan xalqlarning 7 mingga yaqin tili bo‘lib, ularning 96 tasiga davlat tili maqomi berilgan. Xalqlarning tarixi va bugunini o‘zida mujassam etuvchi asosi bo‘lib xizmat qiladigan so‘zlashuv vositasi bo‘lmish tillarning 2000 dan ortig‘ini 20 ta til oilasi (hind-yevropa, finugor, turkiy, mo‘gʻul, somhom, tungus-manjur, xitoytibet, dravid, papuas, indeys, nigerkongo, sudan va boshqa tillar oilasiga) birlashtiradi. Ushbu tillar oilasidagi hind-yevropani misol qilib oladigan bo‘lsak, bu oila 400 dan ortiq tillarni o‘z ichiga oladi. Bular ichida Ingliz, Shotland, Golland, Nemis, Island, Daniya, Norveg, Shved, Yunon va Rus tillari ham mavjud. Shu o‘rinda, dunyo miqyosida eng keng tarqalgan yetakchi tillarni ham keltirib o‘tish lozim. Bu tillarga xitoy tili (1 212 milliondan ziyod kishi), arab tili (422 milliondan ziyod kishi), hindiy tili (366 milliondan ziyod kishi), Ingliz (341 milliondan ziyod kishi) va ispan (322 milliondan ziyod kishi) tillari bo‘lsa, lug‘aviy jihatdan dunyoda eng ko‘p so‘zlardan tashkil topgan til bu arab va ingliz tillaridir.
Shu bilan bir qatorda, lug‘aviy jihatdan qadim o‘tmishga borib taqalgan va o‘zini jilosini saqlab qolgan qadimiy ma’lumot va tarixiy manbalardan bizgacha yetib kelgan turkiy tillar oilasiga kiruvchi o‘zbek tilimizning qanchalik beqiyos boy tarixiga ega ekanligini ko‘rsatadi.
O‘zbek tilining tarixi 3 davrga bo‘lib o‘rganiladi. 1-davri XI—XIV asrlarda amalda boʻlgan eski turkiy til deb atalgan Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu-lugʻatil-turk” (“Turk tillari devoni”), Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” (“Saodatga yoʻllovchi bilim”), asarlari shu tilda yaratilgan. 2-davri XV asrdan XIX asrning ikkinchi yarimigacha qoʻllangan til eski oʻzbek adabiy tili deb nomlangan hamda bu davrda yashab o‘tgan Atoyi, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur va boshqa koʻplab ijodkorlarning asarlari shu tilda yaratilgan. XIX asrning ikkinchi yarimidan hozirgi davrgacha ishlatib kelinayotgan til hozirgi oʻzbek adabiy tili deb ataladi.
O‘zbek tilining lug‘aviy boyligi 85 mingdan ortiq so‘zlardan iborat bo‘lib, dunyo aholisi umumiy sonining 42 milliondan ziyodini tashkil etadi.
Til millat ko‘zgusi unda xalqimizning asrlar silsilasidan, mustabidlik to‘fonlaridan sabr-matonat bilan bosib o‘tgan hayot yo‘li, madaniyati, tarixi, saviyasi, aql-zakovati aks etadi. Tilimizni ham inson uchun muhim omil, aziz va qadrli unsurlar qatori muqaddas bilib, pokiza va ozoda saqlash, lug‘atimiz ko‘rki bo‘lgan “Vatan”, “Ona”, “Kitob”, “Mustaqillik” kabi so‘zlar mohiyatini chuqur anglash, milliy qadriyatlarimiz hamda til boyligimizni bor butunligicha kelajak avlodlarga yetkazib berish barchamizning insoniylik burchimizdir.
Boyqobilova Gulhayo
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash bo‘limi xodimi