O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4702-son qaroriga muvofiq respublika hududlarini yakuniy baholash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot
26/03/2022 - 12:23 890
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi PQ-4702-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 16 ta vazirlik va idoralar tomonidan 2021-yil yakunlari bo‘yicha yakuniy statistik ko‘rsatkichlar hamda davlat Statistika qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan aholi hamda tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari hududlarni reyting baholash axborot tizimi (RATING)ga kiritildi.
Mazkur reyting baholash tizimi orqali respublikadagi mavjud 206 ta tumanlar va shaharlarning (2 ta Yangi Namangan va Ko‘kdala tumanlari bo‘yicha reyting hisoblanmagan) 2021-yil yakuniy statistik ma’lumotlari, shuningdek aholi hamda tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra reyting ballari aniqlandi.
1. Hududlarning rivojlanish darajasini oshirib borish yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida 2020 yilda qoniqarsiz darajada bo‘lgan 28 ta tumanlarning 2021-yil yakunida:
11 tasi (G‘allaorol, Chiroqchi, Koson, Kosonsoy, Mirzaobod, Payariq, Ohangaron, Piskent, Dang‘ara, Yangiariq tumanlari va Kogon shahri) o‘z hududlarining yuqori ko‘rsatkichlariga ega bo‘ldi;
9 ta tuman (Chimboy, Paxtaobod, Buxoro, Arnasoy, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Qiziriq, Boyovut va Yashnobod tumanlari) past darajadan o‘rta darajaga ko‘tarildi;
8 ta (Bo‘zatov, Izboskan, Davlatobod, Kattaqo‘rg‘on, So‘x, Xiva va Yangihayot tumanlari hamda G‘ozg‘on shahri) tuman (shahar)ning ko‘rsatkichlari hududning o‘rtacha ko‘rsatkichidan pastligicha qolmoqda.
2. Iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik ko‘rsatkichlari jumladan, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan hududiy sanoat mahsulotlari hajmi bo‘yicha Bandixon, Baxmal, Chiroqchi, Qo‘shrabot va Boysun tumanlari o‘z hududlaridagi past ko‘rsatkichlarni qayd etgan, xususan:
Xususan, Surxondaryo viloyatida ko‘rsatkichi 2 514 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lib, Bandixon tumanida 778 ming so‘mni, Boysunda tumanida 848 ming so‘mni tashkil etgan.
Xuddi shundan:
Jizzax viloyatida 6 254 ming so‘m bo‘lib, Baxmalda 599 ming so‘m; Qashqadaryoda 5 675 ming so‘m, Chiroqchida 1 016 ming so‘m;
Samarqand viloyatida 5 836 ming so‘m, Qo‘shrabotda 640 ming so‘m.
3. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan markazlashmagan investitsiyalar hajmi Shahrixon, Chiroqchi, Narpay, Buvayda tumanlari va Shahrisabz shahrida past bo‘lgan:
Andijon viloyatining ko‘rsatkichi 3 025 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lib, Shahrixon tumanida ushbu ko‘rsatkich 889 ming so‘mni;
Qashqadaryoda ushbu ko‘rsatkich 4 354 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lib, Chiroqchida 756 ming so‘mni, Shahrisabz shahrida 888 ming so‘mni;
Samarqand viloyatida 2 720 ming so‘mni, Narpayda 880 ming so‘mni; Farg‘ona viloyatida 2 749 ming so‘mni, Buvayda tumanida esa 937 ming so‘mni tashkil etgan.
4. Mehnat bozorining samaradorligi ko‘rsatkichlari jumladan, vaqtincha ishlash uchun xorijga ketganlarning iqtisodiy faol aholining umumiy sonidagi ulushi Toyloq (17,7 foiz), Baliqchi (18,1 foiz), Xazorasp (19,7 foiz) tumanlari hamda Samarqand (20,9 foiz) va Kattaqo‘rg‘on (22 foiz) shaharlarida yuqori bo‘lgan.
Bundan tashqari, mehnat bozorining keskinlik darajasi bo‘yicha Amudaryo, Xo‘jayli, Qamashi, Nurobod va Sho‘rchi tumanlarida yuqori bo‘lgan, xksusan:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 bo‘sh ish o‘rniga ishsizlar soni ko‘rsatkichi 12,4 kishini tashkil etgan bo‘lib, Amudaryo tumanida ushbu ko‘rsatkich 26 kishini, Xo‘jayli tumanida esa 73 kishini;
Qashqadaryo viloyatining ko‘rsatkichi 11,2 kishini tashkil etgan bo‘lib, Qamashi tumanida 31 kishini;
Samarqand viloyatining ko‘rsatkichi 9,2 kishini tashkil etib, Nurobod tumanida 29 kishini;
Surxondaryo viloyatining ko‘rsatkichi 11,5 kishini tashkil etib, Sho‘rchi tumanida 26 kishini tashkil etgan.
5. Shuningdek, 28 ta shahar va tumanlar (har bir hududdan 2 tadan olingan) hududning 2021-yilgi yakuniy ko‘rsatkichlari hamda o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosida baholanganda past darajaga tushgan.
Jumladan, Shumanay, Bo‘zatov, Jalaquduq, Izboskan, Peshku, Olot, Zomin, Mirzacho‘l, Qamashi, Muborak, Nurota, Chortoq, Davlatobod, Oqdaryo, Kattaqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Oltinsoy, Guliston, Sayxunobod, Toshkent, Bo‘ka, Furqat, So‘x, Xiva, Bog‘ot, Uchtepa va Yangihayot tumanlari hamda G‘ozg‘on shahri reyting natijalari bo‘yicha hududning past ko‘rsatkichlariga ega.
Ushbu tuman (shahar)lar baholashning 3 ta yo‘nalishi kesimidagi tahlil quyidagilarni ko‘rsatmoqda:
statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha – Bo‘zatov, Izboskan, Peshku, Mirzacho‘l, Zomin, Qamashi, Nurota, Davlatobod, Chortoq, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Sayxunobod, So‘x, Furqat, Xiva, Yangihayot tumanlari va G‘og‘on shahri;
tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha – Izboskan, Jalaquduq, Olot, Mirzacho‘l, Muborak, Nurota, Sho‘rchi, Oqdaryo, Sayxunobod, Guliston, Bo‘ka, Furqat, So‘x va Bog‘ot tumanlari;
aholi (uy xo‘jaliklari) o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bo‘yicha – Bo‘zatov, Shumanay, Olot, Peshku, Zomin, Muborak, Chortoq, Oltinsoy, Sho‘rchi, Sayxunobod, Toshkent, So‘x, Bog‘ot va Xiva tumanlari.
6. Yuqorida qayd etilgan, reyting baholashda ko‘rsatkichlari hududning o‘rtachasidan past bo‘lgan tumanlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish maqsadida quyidagi ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor qaratish lozim:
- ijtimoiy sohadagi xizmatlarning hammabopligi va sifat ko‘rsatkichlari (jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi, umumta’lim maktablarining yuklamasi, shifokorlar bilan ta’minlanganlik, aholining kasalxona koykalari bilan ta’minlanganlik darajasi, va aholining birlamchi kasallikka chalinishi);
- infratuzilmaning rivojlanishi va hammabopligi ko‘rsatkichi (1 ta yashovchiga to‘g‘ri keladigan aholining uy-joy bilan ta’minlanganligi, markazlashgan oqava suv tizimiga ulanganlik);
- iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va diversifikatsiyasi ko‘rsatkichlari (jumladan, sanoat ishlab chiqarishining eksportga yo‘naltirilganligi, aholi jon boshiga iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi va qishloq xo‘jaligida suvni tejash texnologiyalarini joriy etish darajasi);
- ishbilarmonlik muhiti va tadbirkorlikni rivojlantirish sifat ko‘rsatkichlari (jumladan, xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlik, kichik tadbirkorlik (biznes) sub’ektlari soni va tadbirkorlik sub’ektlarining faolligi);
- bank-moliya sohasining moliyaviy mustaqilligi va rivojlanish ko‘rsatkichlari (aholi jon boshiga mahalliy budjet daromadlari);
- mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va ma’lumotlarning ochiqligi ko‘rsatkichlari (jumladan, qanoatlantirilgan murojaatlar ulushi va mahalliy hokimiyat organlari saytlarining ommaviyligi darajasi).