Joriy yilning 12-18-sentabr kunlari uchun Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi

27/09/2022 - 14:42 2035

Global iqtisodiyotdagi noaniqliklar saqlanib qolayotganligi sharoitida joriy yil 8 oyda respublikamiz tarmoqlarida barqaror o‘sish sur'atlari saqlanib qolmoqda.

Xususan, ushbu davrda sanoat – 5.5 foizga, bozor xizmatlari – 15,2 foizga, qurilish ishlari – 6,2 foizga va chakana savdo aylanmasi – 11,3 foizga o‘sgani qayd etildi.  

2022 yilning 12-18 sentabr kunlari “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,5 barobarga ko‘paydi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan mineral o‘g‘itlar 

2,2 barobarga, suyultirilgan gaz va polipropilen 2,0 barobarga, dizel' yoqilg‘isi 1,4 barobarga, mis katodi 18 foizga, oshgani qayd etildi. Shuningdek, o‘tgan oyning mos haftasiga nisbatan esa, mineral o‘g‘itlar 

1,8 barobarga, polipropilen 1,6 barobarga, mis katodi 17 foizga va dizel yoqilg‘isi 8 foizga oshgani qayd etildi.

Bojxona statistikasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 

12-18 sentyabr kunlari tovarlar eksporti hajmi 174 mln dollarni, import hajmi esa 592 mln dollarni tashkil qildi. 

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 70,5 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 122,7 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 40,8 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 28,9 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 25,7 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari, 18,1 mln dollarlik kalava ip va 9,1 mln dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari).

Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 330,9 mln dollarni tashkil etdi. Bular:

Metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (80,8 mln dollar), texnologik asbob-uskunalar (78,5 mln dollar), transport va uning ehtiyot qismlari (76,1 mln dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (51,3 mln dollar), shuningdek elektrotexnika va uning qismlari (44,3 mln dollar).

 Joriy yilning 12-18 sentabr kunlari iste'mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan xaftaga nisbatan 0,11 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida). 

Xususan, o‘tgan haftaga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,20 foizga va nooziq-ovqat mahsulotlari 0,06 foizga va oshgan bo‘lsa, xizmatlar narxlari esa o‘zgarishsiz qoldi.

Respublikada o‘rtacha iste'mol narxlari indeksi darajasiga yuqori ta'sir qilgan hududlar Qashqadaryo viloyati (0,32 foiz), Toshkent shahri (0,16 foiz), Toshkent viloyati (0,15 foiz), Xorazm viloyati (0,14 foiz), shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,13 foiz). 

Ma'lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi asosan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati