Joriy yilning 19-25-sentabr kunlari uchun Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi
04/10/2022 - 16:46 2139
2022-yilning 19–25-sentabr kunlari “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi”da yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 18 foizga ko‘paydi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan suyultirilgan gaz 2,0 barobarga, mineral o‘g‘itlar 1,5 barobarga va polipropilen 12 foizga oshgani qayd etildi. Shuningdek, o‘tgan oyning mos haftasiga nisbatan esa, mineral o‘g‘itlar 1,6 barobarga, suyultirilgan gaz 1,3 barobarga, polipropilen va sement 1,2 barobarga, dizel yoqilg‘isi 19 foizga va mis katodi 15 foizga oshgani qayd etildi.
Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 19–25-sentabr kunlari tovarlar eksporti hajmi 217,9 mln dollarni, import hajmi esa 524,7 mln dollarni tashkil qildi.
Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 66,1 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 122,7 mln dollarni tashkil qilmoqda (Xususan, 40,4 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 32,4 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 26,6 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari, 26,5 mln dollarlik tabiiy qazilmalar va 18,1 mln dollarlik kalava ip).
Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 296,7 mln dollarni tashkil etdi. Bular:
- texnologik asbob-uskunalar (79,8 mln dollar), metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (69,8 mln dollar), transport va uning ehtiyot qismlari (57,9 mln dollar), oziq-ovqat mahsulotlari (49,2 mln dollar), shuningdek, elektrotexnika va uning qismlari (39,9 mln dollar).
Joriy yilning 19–25-sentabr kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan haftaga nisbatan 0,14 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida).
Xususan, o‘tgan haftaga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,31 foizga va nooziq-ovqat mahsulotlari 0,02 foizga oshgan bo‘lsa, xizmatlar narxlari esa o‘zgarishsiz qoldi.
Respublikada o‘rtacha iste’mol narxlari indeksi darajasiga yuqori ta’sir qilgan hududlar Qashqadaryo viloyati (0,39 foiz), Xorazm viloyati (0,25 foiz), Buxoro viloyati (0,19 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,18 foiz), shuningdek, Toshkent shahri (0,15 foiz).
Ma’lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi asosan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati